Pokistonda suv toshqinlari oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
30 iyun 2510 2 daqiqa
Pokistonda kuzatilayotgan kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Geo TV telekanali xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, eng ko‘p qurbonlar Xayber-Paxtunxva viloyatida qayd etilgan. U yerda 21 kishi, jumladan 10 nafar bola vafot etgan. Shimoli-sharqdagi Panjob viloyatida 13 kishi halok bo‘lgan, yana 11 kishi Sind va Balujiston viloyatlarida qurbon bo‘lgan. Ayrim kishilar tabiiy ofat oqibatida binolar qulab tushishi sababli vafot etgan.
Pokiston Milliy meteorologiya xizmati kuchli yomg‘irlar joriy yilning 5 iyuligacha davom etishini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Balujiston viloyatida ba’zi daryolar toshib ketishi mumkin.
Ma’lumot uchun, bahor mavsumida ham Pokistonda kuchli bo‘ron va do‘l tufayli 32 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Pokiston global iqlim o‘zgarishlaridan eng ko‘p aziyat chekayotgan davlatlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Shuningdek, Afg‘onistonda ham yomg‘irlar tufayli suv toshqinlari kuzatilmoqda. TOLOnews ma’lumotiga ko‘ra, Maydon, Vardak va Logar viloyatlarida toshqinlar oqibatida to‘rt kishi, jumladan uch nafar bola halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi jarohatlangan. Yuzlab oilalar evakuatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning janubi-g‘arbiy qismida kuchli suv toshqinlari oqibatida 80 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingani xabar qilingan edi. Ommaviy evakuatsiya Guychjou provinsiyasining ikki tumanida boshlangan. U yerda tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘irlar va yuqori oqimlardan kelayotgan suvlar toshqinlarga sabab bo‘lgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr