Xitoyda toshqin tufayli 80 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi (video)

Olam

image

Xitoyning janubi-g‘arbiy qismida kuchli suv toshqinlari oqibatida 80 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ommaviy evakuatsiya Guychjou provinsiyasining ikki tumanida boshlangan. U yerda tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘irlar va yuqori oqimlardan kelayotgan suvlar toshqinlarga sabab bo‘lgan.

“Junszyan tumanida vaqtincha 48 ming 900 nafar aholi, Sunszyan tumanida esa 32 ming kishi evakuatsiya qilindi. Har ikkala tumanda toshqinlarni nazorat qilish bo‘yicha favqulodda holatga munosabat darajasi eng yuqori – 1-darajagacha ko‘tarildi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Duliu daryosida suv sathi ogohlantirish darajasidan 6,68 metrga yuqorilagan.

“Yong‘in xavfsizligi xodimlari va ko‘ngillilarni o‘z ichiga olgan qutqaruv guruhlari qutqaruv ishlarini olib borishda qayiq va boshqa uskunalardan foydalanmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, viloyatning favqulodda holatlar departamenti zarar ko‘rgan hududlarga insonparvarlik yordamini jo‘natgan. Ular orasida 30 ming shisha ichimlik suvi va 10 ming porsiya tez tayyorlanadigan lag‘mon bo‘lib, ular tezyurar poyezdlar va avtomobillar yordamida yetkazilgan.

“Guychjoudagi kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan ko‘chkilar oqibatida Sandu tumanidagi tez harakatlanuvchi avtomobil yo‘lida ko‘prikning bir qismi qulab tushdi. Hozircha talafotlar haqida xabar berilmagan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning janubidagi Guandun va Guansi provinsiyalarida kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan toshqinlar oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘lgani va bir nechta mahalliy aholi vakili esa bedarak yo‘qolgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy suv toshqinlari Guychjou

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing