Pokistonda Imron Xon tarafdorlari Bosh vazirning qarorgohini yoqib yubordi (video)

Olam

image

Pokistonda sobiq bosh vazir Imron Xon Islomobodda hibsga olinganidan keyin hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, namoyishchilar Xonni ozod etish talabi bilan tartibsizliklar keltirib chiqarmoqda. Bu haqda “Rybar” xabar berdi.

Aytilishicha, butun mamlakat bo‘ylab sobiq hukumat rahbari tarafdorlari harbiy bazalarga o‘t qo‘ygan. Ko‘pgina hollarda bu oddiy va kichik ofitserlarning Xonga sadoqati tufayli to‘sqinliksiz o‘tgan.

Namoyishchilar harbiy karvonlarni to‘xtatib, ularni “mamlakatni sotgan” (namoyishchilar tomonidan shunday iddao qilinmoqda) generallarga qarshi chiqishga taklif qilmoqda. Odamlar barcha shaharlardan oqib kelmoqda va endi ishonch bilan olg‘a intilmoqda.

Nashrga ko‘ra, hukmron “Pokiston musulmon ligasi” partiyasining qarorgohi, shuningdek, mamlakat Bosh vaziri Shahboz Sharifning Lahordagi shaxsiy villasi ham yoqib yuborilishi oqibatida vayron qilingan. Namoyishchilar Faysaloboddagi Ichki ishlar vaziri Rana Sanaullohning uyini ham qurshab olgan.

Amaldagi Bosh vazir Shahboz Sharif hozirda Buyuk Britaniyada bo‘lgani sabab Londondagi Pokiston diasporasi a’zolari allaqachon Shariflar oilasi uyi oldida norozilik namoyishi o‘tkazmoqda. 

Manbada keltirilishicha, ayni paytda mamlakatning ayrim hududlarida internet va aloqa yo‘qolgan. Shu sabab qurbonlar sonini aniqlab bo‘lmayapti, biroq ularning soni yuzdan oshishi aytilmoqda. Xavfsizlik kuchlarining muhim qismi ham tinch aholiga qarshi jang qilishdan bosh tortmoqda.

Minglab odamlar Islomobodga oqib kelmoqda, ularning maqsadi “qizil zona” – hukumat markaziga chiqish. Hukumat tuzilmalari esa “qizil zona”da chegaralarni mustahkamlagan va Islomobodga og‘ir zirhli texnikalarni joylashtirgan. Kamida beshta uchuvchisiz qurilma poytaxt osmonida aylanib yuribdi.

Mahalliy OAVning xabar berishicha, Imron Xon Bosh razvedka boshqarmasi binosida saqlanmoqda.
Politsiya vakili esa Xon sudga keltirilmasligini va uning rejalashtirilgan tinglovi u hibsda saqlanayotgan joyda bo‘lib o‘tishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 may kuni Xon Islomobod Oliy sudi binosida Al Qadir Trust mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, mamlakat Ichki ishlar vazirligi vakillari tomonidan hibsga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Imron Xon Pokiston Shahboz Sharif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing