Pokiston “Tolibon” va BMTning to‘qnashuvlarga oid ma’lumotlarini rad etdi
Olam
−
20:04 856 2 daqiqa
Pokiston Axborot vaziri Attaullah Tarar joriy yilning fevral oyi oxiridagi to‘qnashuvlar paytida Afg‘onistonning tinch aholi yashovchi hududlariga hujum qilinmaganini aytdi. Bu haqda u kecha, 9 mart kuni “Arab News”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazir Tarar Pokistonning harakatlari aniq razvedka ma’lumotlariga asoslanganini va Afg‘oniston hududidan faoliyat yuritayotgan terror tuzilmalarni yo‘q qilishga qaratilganini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, tinch aholi yashaydigan hududlar ataylab nishonga olinmagan. Pokiston operatsiyalari faqat jangari tarmoqlar va ularning logistika tizimlariga qarshi qaratilgan.
Tarar, shuningdek, hujumlar boshlanganidan beri Afg‘oniston bo‘ylab 64 ta hudud havo zarbalari bilan nishonga olinganini aytib, “Tolibon” ma’muriyati e’lon qilgan qurbonlar sonini soxta va ishonchsiz, deb rad etgan.
Bundan tashqari, Tarar BMTning Afg‘onistondagi missiyasi tomonidan tinch aholi qurbonlari haqida berilgan bayonotga javoban tashkilot asosan “Tolibon” hukumati taqdim etgan ma’lumotlarga tayanishini aytgan.
BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi Pokiston kuchlari bilan “Tolibon” o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 56 nafar tinch aholi, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgani, yana 129 kishi jarohat olgani haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 fevral kuni Afg‘oniston Pokiston harbiy-havo kuchlarining afg‘on hududini bombardimon qilganiga javoban, butun “Dyurand chizig‘i” – Qobul tomonidan tan olinmagan ikki davlat o‘rtasidagi chegara bo‘ylab Pokiston harbiylariga qarshi harbiy operatsiya boshlagandi. Pokiston, o‘z navbatida, javob o‘ti ochilganini, keyinroq esa Afg‘oniston bilan “ochiq urush” boshlanganini e’lon qildi.
Shundan so‘ng, 27 fevral kuni “Tolibon” muvaqqat hukumati Pokiston bilan chegarada yangi hujumlar to‘lqinini boshladi.
Hujumlar oqibatida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegaradagi to‘qnashuvlar oqibatida 70 nafardan ortiq afg‘on harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi.
Live
Barchasi