Pokiston Afg‘onistonga ochiqdan ochiq urush boshladi (video)
Olam
−
27 fevral 10631 2 daqiqa
Bugun, 27 fevral kuniga o‘tar kechasi Pokiston harbiy-havo kuchlari Afg‘oniston hududiga, jumladan poytaxt Qobul shahriga aviazarbalar berdi. Bu haqda Pokiston Mudofaa vaziri Xoja Osif X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilib, bir necha oylik qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng keskinlik “ochiq urush” bosqichiga o‘tganini bildirdi.
Pokiston axborot vaziri Attaulla Taror ham zarbalar Qobul, shuningdek Paktiya va Qandahor viloyatlaridagi nishonlarga berilganini tasdiqlagan. Keyinchalik Bosh vazir Shahboz Sharif Pokiston Qurolli kuchlari har qanday tajovuzkor harakatni qat’iy bartaraf etishga qodir ekanini ta’kidlagan.
O‘tgan hafta ham Pokiston Afg‘oniston hududiga tungi aviazarbalar bergan edi. “Tolibon” ma’lumotiga ko‘ra, o‘shanda kamida 18 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Islomobod esa zarbalar Pokiston hududida sodir etilgan xudkushlik hujumlariga javoban, chegaraga yaqin joylashgan guruh lagerlariga qaratilganini bildirgan.
26 fevral kuni afg‘on toliblari chegaradagi postlarga “keng ko‘lamli hujum” uyushtirganini va ko‘plab pokistonlik harbiylar o‘ldirilganini da’vo qilgan. Pokiston rasmiylari hozircha ikki nafar harbiyning halok bo‘lganini tasdiqlagan.
So‘nggi oylar davomida Afg‘onistondagi toliblar hukumati bilan Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan. Islomobod qo‘shni davlatni o‘z hududida terrorchilik hujumlarini amalga oshirayotgan qurolli guruhlarga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotganlikda ayblamoqda. “Tolibon” esa bu ayblovlarni rad etmoqda.
2025 yil kuzida Islomobod Qobuldan Tehrik-i-Tolibon Pokiston (TTP) guruhiga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni talab qilgan. Ushbu guruh Pokistondagi qurolli islomiy tuzilma bo‘lib, afg‘on toliblari bilan yaqin aloqalarga ega.
Oktyabr oyida Qobulda yuz bergan ikki portlash uchun toliblar Islomobodni ayblagan, shundan so‘ng afg‘on kuchlari chegaradagi pokistonlik harbiylarga qarata o‘t ochgan. Bunga javoban Pokiston armiyasi og‘ir artilleriya, tanklar, uchuvchisiz uchish apparatlari va qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda zarbalar bergan.
To‘qnashuvlar 2025 yil oktyabr oxirigacha davom etgan va tomonlar Qatar hamda Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan. Biroq keyingi muzokaralar tinchlik bitimi imzolanishiga olib kelmagan.
Live
Barchasi