Pokiston Hindiston uchun osmonini yopib, qat’iy javob choralari kiritdi

Olam

image

Kashmirdagi terakt ortidan bugun, 24 aprel kuni Hindiston hukumati tomonidan qabul qilingan bir tomonlama va tortishuvli qarorlarga shu kunning o‘zida Pokiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi javob qaytardi. Jumladan, Pokiston Hindiston aviakompaniyalariga havo makonini yopdi, ikki tomonlama savdoni to‘xtatdi va Hindistonni suv oqimini burish niyatida bo‘lsa, bu harakat urush e’loni sifatida qabul qilinishini rasman ma’lum qildi. Bu haqda “Geo” xabar berdi.

Bu chora-tadbirlar Hindistonning olti o‘n yillik tarixga ega Hind daryosida suv taqsimoti bo‘yicha bitimni bir tomonlama bekor qilganidan va boshqa keskin qarorlaridan so‘ng amalga oshirilmoqda. Hindiston mazkur qarorlarini Jammu va Kashmirda turistlarga qilingan terakt ortidan qabul qilgan. Mazkur hujumda 26 kishi, jumladan bir nafar Nepal fuqarosi halok bo‘lgan. Hindiston Pokistonni hujumda ayblamoqda, rasmiy Islomobod esa bu ayblovni qat’iyan rad etib, uni “yolg‘on bayroq operatsiyasi” deb atadi.

Pokistonning javob choralari:

  • Pokiston Hindistonning Hind daryosida suv taqsimoti bo‘yicha bitimni bekor qilish qarorini rad etadi. Bitim Jahon banki vositachiligida tuzilgan xalqaro shartnoma bo‘lib, uni bir tomonlama to‘xtatish huquqiy asosga ega emas.
  • Suv oqimini burish yoki pastki irmoqlar huquqlarini buzish – urush e’loni deb qaraladi.
  • “Pokiston bu harakatga milliy qudratning barcha yo‘nalishlarida qat’iy javob beradi”, deyiladi bayonotda.
  • Attari chegara punkti zudlik bilan yopiladi. Bu Hindiston bilan Pokiston o‘rtasidagi yagona faol quruqlik o‘tish punkti edi.
  • Hindiston fuqarolari uchun SAARC vizasidan ozod qilish tizimi to‘xtatildi. Pokistonda ushbu tizim orqali bo‘lib turgan hind fuqarolari 48 soat ichida mamlakatni tark etishi kerak. Faqat sikh diniy ziyoratchilari bundan mustasno.
  • Hindistonning mudofaa, harbiy-dengiz va havo kuchlari bo‘yicha maslahatchilari “persona non grata” deb e’lon qilindi. Ular va ularning yordamchilari 30 aprelgacha Pokistonni tark etishi shart.
  • Hindistonning Islomoboddagi elchixonasi xodimlari soni 30 nafarga cheklanadi.
  • Pokiston havo makoni Hindiston yoki hind kompaniyalariga tegishli barcha aviareyslarga darhol yopiladi.
  • Hindiston bilan barcha savdo operatsiyalari, hatto uchinchi mamlakatlar orqali o‘tayotgan tranzitlar ham butunlay to‘xtatildi.

Pokiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi bayonotida Hindistonning so‘nggi harakatlari xalqaro konvensiyalar, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari va xalqaro majburiyatlarni mensimaslik deb baholandi.

“Pokiston tinchlik tarafdori, ammo hech kimga o‘z suvereniteti, xavfsizligi va sha’niga tajovuz qilishga yo‘l qo‘ymaydi”, deyiladi bayonot yakunida.

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Hindiston shimolidagi Kashmir mintaqasida yuz bergan otishma oqibatida kamida 26 nafar sayyoh halok bo‘lgandi. Yana 20 dan ortiq kishi yaralangan. Otishma Paxalgam shahrida yuz bergan. Noma’lum shaxslar Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab yurgan sayyohlarga qarata o‘q uzgan. Mahalliy hokimiyat vakillari bu hodisani terrorchilik hujumi deb atamoqda. Mazkur voqea ortidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘lladi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston Kashmir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing