Kashmirda otishma oqibatida 25 nafar sayyoh halok bo‘ldi
Olam
−
22 aprel 6929 1 daqiqa
Bugun, 22 aprel kuni Hindiston shimolidagi Kashmir mintaqasida yuz bergan otishma oqibatida kamida 25 nafar sayyoh halok bo‘ldi. Yana 20 dan ortiq kishi yaralangan. Rasmiylar hozircha halok bo‘lganlarning sonini rasman tasdiqlamadi. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, “The Hindu” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, otishma Paxalgam shahrida yuz bergan. Noma’lum shaxslar Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab yurgan sayyohlarga qarata o‘q uzgan. Mahalliy hokimiyat vakillari bu hodisani terrorchilik hujumi deb atamoqda. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi voqeaga munosabat bildirdi.
“Terrorizmga qarshi kurashdagi qat’iyligimiz o‘zgarmas va yanada kuchayadi”, deb yozdi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, Kashmir mintaqasi – Hindiston va Pokiston o‘rtasida bahsli hudud hisoblanadi. Rasmiy Nyu Dehliga ko‘ra, Islomobod ushbu mintaqadagi ekstremistlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Pokiston esa bu ayblovlarni rad etadi. Hindiston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning aprelidan oktyabrigacha bo‘lgan davrda Kashmirda jangarilar hujumlari oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlarining Florida universitetida ommaviy otishma sodir bo‘lgandi. Otishmada kamida 6 kishi jarohatlangan, 5 kishi halok bo‘lgan. Uni ikki kishi amalga oshirgan: ulardan biri qo‘lga olingan, ikkinchisi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. Universitetdagi barcha darslar noma’lum muddatga bekor qilingan.
Live
Barchasi