Vaziyat taranglashyapti. Hindiston Pokiston bilan chegarani yopadi

Olam

image

Hindiston Pokiston bilan chegarada joylashgan Attari integratsiyalashgan asosiy nazorat-o‘tkazish punktini yopadi. Mazkur qaror Kashmir janubida ro‘y bergan terakt ortidan qabul qilingan. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Times of India” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Pokiston fuqarolari agar chegarani ruxsatnoma bilan kesib o‘tgan bo‘lsa, joriy yil 1 maygacha shu yo‘nalishda ortga qaytishi mumkin.

Hindiston va Pokiston o‘rtasida rasmiy chegarani kesib o‘tish imkonini beradigan juda kam sonli punktlar mavjud bo‘lib, ular orasida eng asosiy yo‘lak Attari hisoblanadi.

Teraktdan so‘ng Hindiston yana bir nechta qat’iy choralarni e’lon qildi:

  • 1960 yilda imzolangan “Hind daryosi bo‘yicha” kelishuv to‘xtatiladi. Ushbu bitim Pokistonga siyosiy va harbiy ziddiyatlarga qaramasdan suv resurslaridan foydalanishga kafolat berardi. Endilikda u Pokiston “xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlamaslik” haqida qat’iy va aniq bayonot bermaguncha kuchsiz hisoblanadi.
  • Janubiy Osiyo Mintaqaviy Hamkorlik Tashkilotining (SAARC) doirasidagi vizasiz kirish dasturi Pokiston fuqarolari uchun to‘xtatildi. Avval berilgan barcha SPES vizalari bekor qilindi, bu vizalar bilan Hindistonda bo‘lib turgan Pokiston fuqarolari 48 soat ichida mamlakatni tark etishi kerak.
  • Nyu-Dehlidagi Pokiston Oliy komissiyasining harbiy, dengiz va havo kuchlari bo‘yicha maslahatchilari “persona non grata” deb e’lon qilindi. Ular Hindistondan bir hafta ichida chiqib ketishlari kerak.
  • Hindiston o‘zining Islomoboddagi Oliy komissiyasidan harbiy, dengiz va aviatsiya bo‘yicha maslahatchilarini chaqirib oladi. Ushbu lavozimlar ham bekor qilinadi.

Bu orada Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki soatdan ortiq davom etgan milliy xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vaziri Vikram Misri bu choralar Kashmir janubidagi teraktga javoban ko‘rilganini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Hindiston shimolidagi Kashmir mintaqasida yuz bergan otishma oqibatida kamida 25 nafar sayyoh halok bo‘ldi. Yana 20 dan ortiq kishi yaralangan. Rasmiylar hozircha halok bo‘lganlarning sonini rasman tasdiqlamadi. Otishma Paxalgam shahrida yuz bergan. Noma’lum shaxslar Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab yurgan sayyohlarga qarata o‘q uzgan. Mahalliy hokimiyat vakillari bu hodisani terrorchilik hujumi deb atamoqda. Mazkur voqea ortidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘lladi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Hindiston Pokiston Kashmir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing