Peskov Ukrainadagi urushning borishi haqida ma’lumot berdi
Olam
−
17 may 2022
13302Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi “maxsus operatsiyasi” reja bo‘yicha va samarali davom etmoqda, harbiylar qahramonlik ko‘rsatmoqda hamda barcha rejalar amalga oshishiga shubha yo‘q. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytib o‘tdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Yaqinda Prezident hamma narsa reja bo‘yicha ketayotganini aytdi. Hammasi reja bo‘yicha ketmoqda. Juda samarali. Harbiylarimizning muvaffaqiyatlarini ko‘rib turibsiz, askarlarimiz ko‘rsatayotgan qahramonlikni ko‘ryapsiz, shuning uchun ham barcha belgilangan maqsadlarga erishilishiga shubha yo‘q”, deya javob bergan Peskov jurnalistlarga.
Eslatib o‘tamiz, Amerika urushni o‘rganish instituti ISW o‘z xisobotida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqin oylarda Ukrainaning bosib olingan janubi (Xerson va Zaporoje viloyatlari) va sharqini (Donetsk va Lugansk viloyatlarini) to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib olmoqchi ekanligi haqida ma’lum qilgandi.
Institut taxminicha, Putin Rossiya hududini himoya qilish uchun yadro qurolidan foydalanishga ruxsat beruvchi rus doktrinasi ushbu yangi qo‘shilgan hududlar uchun ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ta’sir qilishini da’vo qiladi. Bu iddao o‘z navbatida bosib olingan hududlarini ozod qilish uchun qarshi hujumga o‘tadigan Ukraina va uning sheriklarini yadro quroli nishoniga aylantiradi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi