Peskov: “Kreml Ukrainada harbiy harakatlar qayta boshlanishidan qo‘rqadi” 

Olam

image

Kreml Ukrainada Rossiya xavfsizligiga tahdid soladigan keng miqyosli harbiy harakatlar qayta boshlanishidan qo‘rqadi. Bu haqda Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan.  

"Kreml Ukrainada fuqarolar urushi boshlanishidan qo‘rqadi. Agar chegaralarimiz yaqinida fuqarolar urushi va keng miqyosli harbiy harakatlar boshlansa, bu Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga tahdid soladi. Ushbu vaziyatning rivojlanishi va umuman Ukraina tomonining xulq-atvori dinamikasi to‘liq jangovar harakatlarni tiklash xavfini keltirib chiqaradi", deya ta’kidlagan u. 

Peskovning qayd etishicha, hozirda Donbassdagi aloqa liniyasida o‘ta beqaror vaziyat yuzaga kelmoqda. 

"Ukrainada harbiy harakatlar boshlangan taqdirda, Putin aytganidek, u yerda ham Srebrenitsadagi kabi halokat takrorlanishi mumkin. Shunda barcha davlatlar, shu jumladan Rossiya ham bunday fojialarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar ko‘radi", degan Prezidentning Matbuot kotibi.  

Peskovning ta’kidlashicha, Ukrainadagi Yugoslaviya mojarosi voqealarini takrorlash tahdidi mamlakat Qurolli Kuchlari turli bo‘linmalarining nazoratsiz harakatlari, undagi millatchilik tuyg‘ularining ustunligi, shuningdek, aholisiga nisbatan nafratni qo‘zg‘atish bilan bog‘liq. 

Peskovga ko‘ra, Ukraina janubi-sharqidagi ziddiyatlarning kuchayishi Rossiyani o‘z xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishiga olib keladi, Rossiya Federatsiyasi esa dunyoning hech bir davlatiga tahdid solmaydi. 

Shuningdek, u Davlat departamentining Rossiya 2014 yildan beri Ukraina bilan chegarada eng muhim qo‘shinlarni to‘plagani haqidagi da’volariga izoh bergan. 

"Ziddiyatlarning o‘sishi, Ukrainaning janubi-sharqidagi keskinlikning kuchayishi Rossiyaning o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘rayotgan choralarini belgilaydi", degan Kreml vakili. 

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyev Donbassda urush bo‘lishini istamasligini, biroq Ukraina armiyasiga hujum qilish xavfi bo‘lgan taqdirda Ukraina Donbassda o‘q uzishini aytgandi.  

Hududdagi vaziyatning keskinlashuvi fonida bir qator davlatlar, xususan Fransiya va Germaniya xavotirga tushgan bo‘lsa, AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Siyosiy ekspertlar esa Donbassdagi vaziyatning keskinlashuvini Ukrainaning so‘nggi paytlardagi NATOga qo‘shilish tomon faol harakatlari bilan bog‘lamoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, Donbass mintaqasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk hamda Rossiyaning Rostov viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu hududda 2014 yildan beri harbiy harakatlar davom etmoqda. Konflikt bir tomondan Ukraina Qurolli kuchlari, ikkinchi tomonda ikki alohida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasida bormoqda. Ushbu ikki davlat Ukrainadagi 2014 yilgi siyosiy inqiroz vaqtida vujudga kelgan.  Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarining ikkisi ham na Ukraina va na jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

95

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing