Pelosini kutib: Xitoy Tayvan bo‘g‘ozida harbiy mashg‘ulotlar boshladi

Olam

image

Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Tayvan orolining bo‘g‘ozi bo‘ylab joylashgan sharqiy Futszyan provinsiyasi qirg‘oqlarida harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda Pintan shahar okrugi dengiz xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.

Agentlik ogohlantirish e’lon qildi, unga ko‘ra mahalliy vaqt bilan soat 08:00 dan 21:00 gacha (Toshkent vaqti bilan 05:00-18:00) ushbu hududda kemalarning jonli o‘q otiladigan manevrlari o‘tkaziladi, shuning uchun barcha kemalarga suv zonasiga kirish taqiqlandi.

Bundan tashqari, kechadan beri Xalq ozodlik armiyasi janubiy Guandun provinsiyasini Xaynan orolidan ajratib turuvchi Syunchjou bo‘g‘ozining g‘arbiy qismida, shuningdek, Guandun orolining janubi-sharqidagi, Davanshan orolining janubi-sharqidagi, qirg‘oqdan janubda joylashgan akvatoriyada mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.

Manevrlar Xalq ozodlik armiyasining 95 yilligini nishonlash, shuningdek, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga ehtimoliy tashrifi oldidan o‘tkazilmoqda.

Bir kun oldin Pelosi Osiyo bo‘ylab turnega chiqdi. Safari davomida u Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya va Singapurga tashrif buyuradi. Uning Tayvanga borish niyatida ekani xabar qilingandi, biroq spikerning o‘zi xavfsizlik talablarini hisobga olib, bu borada izoh berishdan bosh tortgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Pelosi chiqqan samolyot Gavayaga qo‘ngan.

Vashington va Pekin munosabatlaridagi Tayvan masalasi Ukrainadagi vaziyat fonida alohida ahamiyat kasb eta boshladi. Xitoy tarixiy va siyosiy sabablarga ko‘ra Qo‘shma Shtatlardan uning ichki ishlariga aralashmaslikni talab qilmoqda. Vashington “yagona Xitoy tamoyili”ga rasman rioya qilib, Taypey bilan diplomatik aloqalarga ega emas. Biroq shunga qaramay nafaqat orol bilan aloqalarni saqlab qolgan, balki u yerga muntazam ravishda qurol yetkazib beradi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Osiyoga safari chog‘ida Xitoy o‘z hududi deb hisoblovchi Tayvanga ham borishi mumkinligi Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning yana keskinlashishiga sabab bo‘lyapti. Xitoy tomoni bunday harakatlardan tiyilishga chaqirib, ogohlantirish bilan chiqdi.

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan. 

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Nensi Pelosi Tayvan'

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing