Tayvanda SI davlat idoralariga kiberxujum uyushtirdi
Olam
−
21:12 265 2 daqiqa
Tayvan joriy yilning iyul oyida davlat idoralariga xorijdan sun’iy intellekt yordamida kiberxujum uyushtirilganini aniqladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kiberxavfsizlik monitoringi bo‘linmalari joriy yilning 20 iyulidan boshlab davlat idoralariga qaratilgan g‘ayritabiiy hujumni qayd etgan. Milliy kiberxavfsizlik instituti voqea yuzasidan tekshiruv olib borgan.
Tekshiruvga ko‘ra, hujum xorijiy manbadan amalga oshirilgan bo‘lib, xakerlar qo‘lda bajariladigan operatsiyalarni sun’iy intellekt agentlari yordamida amalga oshirilgan hujumlar bilan birlashtirgan.
Tayvan Raqamli ishlar vazirligi hujum manbalari, usullari va uning ta’sir doirasi to‘liq o‘rganilganini, zarar ko‘rgan davlat idoralari esa vaziyatni bartaraf etganini bildirgan. Shuningdek, yangi turdagi kiberxavfga qarshi hukumat himoya choralarini kuchaytirgan. Xususan, hujumlarni dastlabki bosqichidayoq aniqlash va bloklash maqsadida davlat idoralaridagi tizimlar monitoringi kuchaytirilgan.
Tayvanning bayonoti Isroilning kiberxavfsizlik kompaniyasi Dream sun’iy intellekt asosidagi xakerlik kampaniyasini aniqlagani haqida xabar berganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Dream ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt agentlari jamoasi to‘rt kun davomida noma’lum davlat amaldorlaridan o‘nlab parollarni qo‘lga kiritgan, Tayvan Adliya vazirligidan shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlagan hamda mamlakatning yadroviy xavfsizlik agentligidagi zaifliklarni tekshirgan.
Kompaniya hujumni qayta tiklashga muvaffaq bo‘lganini bildirgan, biroq hujum qilingan hukumat nomini ochiqlamagan. “Financial Times” esa hujum nishoni Tayvan davlat idoralari bo‘lganini yozgan.
Mamlakat so‘nggi yillarda Xitoy tomonidan amalga oshirilayotgan deb hisoblaydigan kiberxujumlar va boshqa “gibrid tahdidlar” haqida muntazam ravishda bayonot berib keladi. Orolning Milliy xavfsizlik byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Tayvanning shifoxonalardan tortib banklargacha bo‘lgan muhim infratuzilmalariga qarshi kiberxujumlar 2025 yilda bir yil avvalgiga nisbatan 6 foizga oshgan. Hujumlar soni kuniga o‘rtacha 2,63 milliontani tashkil qilgan.
Ayrim kiberxujumlar Tayvanni izdan chiqarishga qaratilgan “gibrid tahdidlar” doirasida harbiy mashg‘ulotlar bilan bir vaqtda amalga oshirilgani ham qayd etilgan.
Sun’iy intellektdan foydalanadigan kiberxujumlar xavfi so‘nggi yillarda ortib bormoqda. Ayniqsa, yangi avlod sun’iy intellekt modellari razvedka olib borish, zaifliklarni aniqlash va ulardan foydalanish kabi jarayonlarni tezlashtira olishi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq noma’lum xaker darknetda Qozog‘istonning 15 million aholisiga oid ma’lumotlarni sotuvga qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi