Norvegiyaning eng yirik banki SI sabab 400 xodimini ishdan bo‘shatadi
Olam
−
13:46 944 1 daqiqa
Norvegiyaning eng yirik banki – DNB sun’iy intellekt va raqamli yechimlardan foydalanishni kengaytirishi ortidan qariyb 400 nafar xodimini ishdan bo‘shatadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qisqartirishlar bankning “Technology & Services” bo‘linmasida amalga oshiriladi. DNB ayrim ilgari qo‘lda bajarilgan vazifalarni sun’iy intellekt agentlari yordamida bajarishni boshlagan.
Bank bosh direktori Kerstin Broatenning aytishicha, sun’iy intellekt xodimlarning ishlash usuli va mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonini o‘zgartirmoqda. Shu sababli, bank “yangi voqelikka” moslashmoqda.
Ma’lum qilinishicha, xodimlarni qisqartirish jarayonini 2026 yilning so‘nggi uch oyida yakunlash rejalashtirilgan. Bu bilan bog‘liq xarajatlar esa 2027 yilning ikkinchi choragida hisobga olinadi.
DNB so‘nggi davrda sun’iy intellekt agentlari va raqamli yechimlarga investitsiyalarni oshirgan. Kompaniya bu texnologiyalar orqali ayrim muntazam vazifalarni avtomatlashtirishni maqsad qilgan. Xabar fonida DNB aksiyalari qariyb 1 foizga qimmatlashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya sanoati har oyda 15 mingtadan ish o‘rnini yo‘qotayotgani haqida xabar berilgan edi.