Dunyoda ilk bor miyadagi o‘simta SI yordamida olib tashlandi
Olam
−
19:05 530 2 daqiqa
Buyuk Britaniyada dunyoda ilk bor miya jarrohligi operatsiyasi sun’iy intellektning real vaqtdagi yordamida amalga oshirildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, 48 yoshli, Bedfordshirda yashovchi ikki farzandning otasi Ris Xibbert London universitet kolleji shifoxonasida operatsiya qilingan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, operatsiya amalga oshirilmaganida o‘sma uning ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan.
Xibbertda gipofiz bezida 11 millimetrlik, saraton bo‘lmagan o‘sma aniqlangan. Miya asosida joylashgan ushbu bez organizmda o‘sish, modda almashinuvi, qon bosimi va haroratni tartibga solishda muhim bo‘lgan gormonlarni ishlab chiqaradi.
Muammo shundaki, o‘sma miyani qon bilan ta’minlovchi karotid arteriyalar hamda ko‘rish uchun mas’ul bo‘lgan ko‘ruv asablariga juda yaqin joylashgan. Vaqt o‘tishi bilan o‘sma ko‘ruv asablariga bosim o‘tkazib, bemorning yon tomonni ko‘rish qobiliyatini pasaytirgan.
Operatsiya vaqtida jarrohlar endoskop, ya’ni ingichka kamera o‘rnatilgan qurilma yordamida burun orqali miya asosiga yetib borgan. Biroq o‘sma suyak va qattiq parda qatlamlari ortida joylashgani sababli uni xavfsiz olib tashlash oson bo‘lmagan.
Shu jarayonda sun’iy intellekt ishga tushirilgan. SI operatsiyaning jonli videotasvirini tahlil qilib, jarrohlik asboblarini kuzatgan va qon tomirlari hamda asablar ehtimoliy joylashgan hududlarni belgilab borgan. Shu tariqa, o‘smani qaysi joydan xavfsizroq olib tashlash mumkinligini ko‘rsatgan.
Tadqiqotchilar SI tizimini gipofiz o‘smalarini olib tashlash bo‘yicha yuzlab operatsiyalarning videolari asosida o‘qitgan. Mutaxassislar videolarda qon tomirlari va asablarni alohida belgilab, tizimga miyadagi eng muhim tuzilmalarni tanishni o‘rgatgan.
Jarrohlardan biri professor Hani Markusning aytishicha, tizim aksariyat jarrohlar o‘z faoliyati davomida ko‘radiganidan ko‘proq operatsiyalar ma’lumoti asosida o‘qitilgan va mutaxassis uchun “ikkinchi ekspert ko‘zi” vazifasini bajarishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt va robotlar odamlar o‘rnini egallashi ortidan ushbu texnologiyalarga yangi turdagi soliq joriy etishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi