Pastdagilarga bo‘laveradi! Yevrokomissiya konditsioner sabab feodalizmda ayblandi

Olam

image

Yevropani qamrab olgan issiq to‘lqini paytida Yevropa Komissiyasining Bryusseldagi bosh qarorgohida quyi qavatlardagi konditsionerlar o‘chirilib, yuqori lavozimli amaldorlar joylashgan qavatlardagilari esa ishlashda davom etgani tanqidlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.

Nashrning Bryusseldagi manbasi ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa Komissiyasi xodimlariga yuborilgan xabarda favqulodda issiq ob-havo tufayli Berlaymont binosining 1-qavatidan 7-qavatigacha bo‘lgan hududda sovitish tizimi kunning qolgan qismi uchun majburiy ravishda o‘chirilgani aytilgan. Bu qarorga sovitish tizimining ortiqcha yuklanishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

“Politico” nashriga ismini oshkor etmaslik sharti bilan gapirgan Yevropa Komissiyasi xodimlaridan biri yuqori qavatlarda, ya’ni komissarlar va yuqori mansabdorlar ishlaydigan joylarda konditsionerlar ishlashda davom etganini aytgan.

“Bu xuddi feodalizmga o‘xshaydi”, degan u.

Yana bir Yevropa Komissiyasi xodimi bu holatni “uyatli” deb baholagan. 8-qavatda ishlaydigan uchinchi xodim esa konditsioner ishlayotganiga qaramay, uning ofisida harorat 25,7 daraja bo‘lganini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, 13 qavatli Berlaymont binosining 13-qavatida Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning ish kabineti joylashgan. Shuningdek, Yevropa Komissiyasining 26 nafar komissari, bosh direktorlar va boshqa yuqori lavozimli amaldorlarning aksariyat ofislari ham 8-qavat va undan yuqorida joylashgan.

Ma’lumot uchun, Belgiyada, Yevropa Ittifoqining asosiy institutlari binolari joylashgan hududda, kecha, 26 iyun kuni 2026 yilning eng yuqori harorati qayd etilgan. Belgiya Qirollik meteorologiya institutining ma’lum qilishicha, Ukkeldagi rasmiy kuzatuv stansiyasida havo harorati 35,3 darajaga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1947 yildan buyon yuritib kelinayotgan meteorologik kuzatuvlar tarixida Fransiyada 23, 24 va 25 iyun kunlari eng issiq uch kun sifatida qayd etilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing