Pashinyan Aliyevga: “Eski muammolarni ko‘zg‘ash, yangi mojaroni boshlash demakdir”
Olam
−
26 Sentabr 2020
8557Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ muammosi bilan bog‘liq 30 yillik mojarolar keskin tus olmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida chiqish qilgan Prezident Ilhom Aliyev Armanistonni Bakuga urush ochishga tayyorgarlik ko‘rayotganida ayblagan edi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa buni rad etmoqda. Rasmiy Yerevan Bakuning Armaniston tomoni Qorabog‘ mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib qo‘ydi degan ayblovlarni rad etdi.
“Siz bilasizki, mintaqada vaziyat keskin. Bizning vazifamiz muzokara jarayonini samarali olib borishdir. So‘nggi paytlarda Ozarbayjon rahbariyati bizni muzokaralarni davom ettirishda mantiqsiz bayonotlar berayotganlikda va muzokaralarni buzganlikda ayblamoqchi bo‘lmoqda. Men aniq aytmoqchimanki, Armaniston va Arsaxning pozitsiyasi (Tog‘li Qorabog‘ning Armanistonning tarixiy nomi - tahr.) juda konstruktivdir", deydi Pashinyan.
Armaniston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2018 yil may oyida u Bosh vazir lavozimiga kirishgandan so‘ng, “misli ko‘rilmagan bayonot” bilan chiqqqan va muammoning echimi "Armaniston, Ozarbayjon va Arsax xalqlari" tomonidan maqbul bo‘lishi kerak, degan. Pashinyan ushbu bayonot Bakuda munosib javob topishini kutgan.
Uning fikricha, shu yo‘l bilan muzokaralarda katta yutuqlarga erishish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratilishi mumkin edi. Javobda bu masala faqat Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi doirasida hal qilinishi mumkinligi qayd etilgan.
"Aslida, bu bayonot Baku mojaroni hal qilishning dastlabki sharti sifatida uning mohiyati bo‘lgan 1988 yildagi voqealarga qaytishni ilgari surayotganini anglatadi", deydi Bosh vazir.
Uning qayd etishicha hammasini boshidan boshlash, yangi mojaroni keltirib chiqarish deganidir.
Armaniston tomonining Ozarbayjon rahbariyatiga yoqmaydigan barcha bayonotlari – “ularning buzg‘unchi bayonotlariga javobdir”, deya qo‘shimcha qildi u.
“Ozarbayjon muzokaralar jarayonida quyidagi mantiqni qo‘yishga urindi: bir tomonlama murosaga kelish va aks holda bu masalani kuch bilan hal qilish. Va biz boshidanoq Armaniston bilan kuch va tahdid tilida gaplashishga loyiq emasligini aytdik. Bu befoyda”, deb ta’kidladi Pashinyan.
Baku yaqinda "targ‘ibot kampaniyasiga maxfiy deb nomlangan ma’lumotlarni oshkor qiluvchi yangi tarkibiy qism" qo‘shishga qaror qildi.
“Men ozarbayjonlik hamkasblarimga bu yo‘ldan yurmaslikni maslahat beraman, chunki agar biz maxfiy ma’lumotlarni tarqatishni boshlasak, bu Ozarbayjonda ichki siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin”, deb ogohlantirgan hukumat rahbari.
Pashinyan Ozarbayjonni mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish mumkinligiga ishonch bildirgan holda, Qorabog‘ kelishuvi konstruktiv maydoniga qaytishga chaqirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 23 iyul kuni Nikol Pashinyan Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi so‘nggi keskinlik va Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish jarayoni borasida Armanistonning pozitsiyasini taqdim etgan. Armaniston hukumati rahbari ikki respublikasi chegarasida iyul oyida bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuv paytida keskinlikni pasaytirmaslikka, balki bundan ham ko‘proq zo‘ravonlik qo‘zg‘atishga harakat qilgan yagona mamlakat Turkiya ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12-16 iyul kunlari ikki mamlakat o‘rtasidagi vaziyat yanada keskinlashdi. Ozarbayjonda Armaniston Qurolli kuchlari hujumga o‘tgani aytildi. Rasmiy Yerevan ham qurolli to‘qnashuvga ozarbayjonlik askarlar hujumga o‘tganini sabab qilib ko‘rsatdi. Rasmiy Baku 11 nafar harbiy jumladan general-mayor Po‘lat Gashimov ham halok bo‘lganini bildirdi. Yerevan esa 4 qurbon va 10 yarali haqida ma’lumot berdi.
Qayd etish kerakki, Armaniston va Ozarbayjonning hududiy muammosi so‘nggi 30 yildan beri davom etyapti. Buning sababi Armanistonning Ozarbayjonga tegishli bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ni egallab olishidir. Xalqaro hamjamiyatning e’tirozlariga qaramay, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonga qaytarmay keladi.
Vaziyat shu darajadaki, agarda ikki tomon ham tinchlanmasa davlatlar o‘rtasida urush boshlanishi ehtimoli yuqori.
Yaqinda Yerevan harbiy salohiyatini mustahkamlash uchun Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirdi. Rossiyadan bir necha samolyotda Armanistonga qurol-aslahalar yuborildi. Shu bois Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Rossiyaning bu boradagi “g‘amxo‘rligiga” o‘z e’tirozini билдирди. Buning ortidan Ozarbayjon Turkiya ham bilan harbiy hamkorlikni rivojlantirishga kirishdi. Ikki mamlakat harbiylari ishtirokida qo‘shma mashqlar o‘tkazildi. Turkiya har qanday vaziyatda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
LiveBarchasi