Rossiyalik siyosatchi Aliyevni haqorat qildi
Olam
−
10 yanvar
19789Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyani Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti halokatiga aloqadorlikda ayblaganidan so‘ng Rossiya Jamoatchilik palatasi a’zosi Vladimir Karasyov uni haqorat qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Mening mamlakatimdan biror narsa talab qilishga jur’at etadiganlarning hammasi shubhasiz p......slar va pe......lar!” deb yozgan Karasyov.
Shundan so‘ng Rossiyadagi Ozarbayjon elchixonasi Karasyovning Ozarbayjon Prezidentiga nisbatan haqoratomuz so‘zlari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan munosabat bildirib, Rossiya tomoniga diplomatik kanallar orqali bunday bayonotlarning mutlaqo nomaqbul ekanini ma’lum qilgan va elchixona Rossiya tomonini bunday holatlarning kelajakda takrorlanishining oldini olish chorasini ko‘rishga chaqirgan.
“Biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz”, deyiladi elchixona bayonotida.
Karasyovning gaplariga Ozarbayjon Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi rahbari Amin Mammadov ham javob qaytargan. U siyosatchining so‘zlarini haqoratomuz deb baholab, agar ushbu holat jazosiz qolsa, bu Jamoatchilik palatasining darajasini ko‘rsatib qo‘yishini ta’kidlagan.
“Rossiya rahbariyatiga nisbatan ham shunga o‘xshash muloqot uslubidan foydalanish mumkin bo‘lgan kun yaqin”, deydi Mammadov.
Ushbu munosabatlardan so‘ng Karasyov so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini ta’kidlagan. Xususan, u o‘z izohida ispancha “pidas” so‘zini ishlatganini va bu orqali “talab qo‘yadigan odamlarga” ishora qilganini aytgan.
Biroq tilshunoslar Karasyovning bu izohlarini rad etdi. Ma’lum bo‘lishicha, ispan tilida “pidas” hamda “pedir” fe’l shakllari mavjud, lekin ular odamlarni tasvirlash uchun ishlatilmaydi. Ispan tilida talabchan odamni ifodalash uchun “solicitante” (so‘rovchi), “exigente” (talabchan) yoki “demandante” (da’vogar) kabi so‘zlar qo‘llaniladi.
Voqealar fonida Kreml Vladimir Karasyovning Ilhom Aliyevni haqorat qilgani haqidagi holatdan xabardor emasligini bildirgan.
“Rostini aytganda biz qanday so‘zlar haqida gap ketayotganini bilmaymiz. Bu so‘zlarni ko‘rmaganmiz, eshitmaganmiz. Rossiya davlatining tashqi siyosati Prezident tomonidan belgilab beriladi va Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa idoralar tomonidan TIV koordinatsiyasi ostida amalga oshiriladi. Shu tamoyillarga asoslanish lozim”, deydi Kreml voizi Dmitriy Peskov.
Qayd etish joiz, Aliyev aviahalokat oqibatida vafot etgan ekipaj a’zolari – kapitan Igor Kshnyakin, uchuvchi Aleksandr Kalyaninov va styuardessa Ho‘kuma Aliyevaning vidolashuv marosimidagi ishtiroki chog‘ida Rossiya Ozarbayjondan kechirim so‘rashdan tashqari, o‘z aybiga iqror bo‘lishi, aybdorlarni jazolash, jinoiy javobgarlikka tortish va Ozarbayjon davlatiga, jarohatlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga tovon to‘lash kerakligini aytgandi. Aliyevga ko‘ra, bu Ozarbayjonning shartlari. Ulardan faqat kechirim so‘rash talabigina bajarildi, xolos.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ilhom Aliyevga ikki marta qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘raganini ma’lum qilgan edi.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi