Putin Aliyevdan ikki marta uzr so‘radi – Peskov

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga ikki marta qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘radi. Bu haqda Kreml voizi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Prezident Putin va Prezident Aliyev ikki marta telefonda gaplashgan. Tergov organlariga zarur ko‘rsatmalar berildi, ushbu hodisa sabablarini o‘rganishda barcha zarur yordam va hamkorlik ko‘rsatilmoqda. Prezident Putin uzr so‘radi va taassuf so‘zlarini bildirdi”, degan Peskov.

Peskov jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya tegishli komissiya ishining natijalarini kutayotganini va “mutlaqo xolis tergovdan manfaatdor” ekanini ham aytdi.

Putin 28 dekabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘ragandi. Suhbat chog‘ida qat’iy jadval bo‘yicha parvoz qilayotgan Ozarbayjon yo‘lovchi samolyoti Grozniy aeroportiga bir necha bor qo‘nishga uringani ta’kidlangandi. Shuningdek, birlamchi tergov harakatlari olib borilayotgani, fuqarolik va harbiy mutaxassislar so‘roq qilinayotgani aytilgandi.

Aliyev aviahalokat oqibatida vafot etgan ekipaj a’zolari – kapitan Igor Kshnyakin, uchuvchi Aleksandr Kalyaninov va styuardessa Ho‘kuma Aliyevaning vidolashuv marosimidagi ishtiroki chog‘ida Rossiya Ozarbayjondan kechirim so‘rashdan tashqari, o‘z aybiga iqror bo‘lishi, aybdorlarni jazolash, jinoiy javobgarlikka tortish va Ozarbayjon davlatiga, jarohatlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga tovon to‘lash kerakligini aytdi. Aliyevga ko‘ra, bu Ozarbayjonning shartlari. Ulardan faqat kechirim so‘rash talabigina bajarildi, xolos.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon hukumati aviahalokat bilan bog‘liq voqealar fonida Rossiya fuqarolari uchun mamlakat hududida vaqtincha bo‘lish muddatini yiliga 90 kunga qisqartirdi. Mazkur o‘zgarishlar 2025 yilning 1 yanvaridan kuchga kirdi. Rossiya TIVga ko‘ra, Ozarbayjonning bu qarori mamlakatning o‘z huquqi hisoblanadi.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. 

Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.

Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.

Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Ilhom Aliev Putin Peskov Azerbaijan Airlines Embraer 190 samolyoti Baku-Grozniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing