Pashinyan ham Qorabog‘da tinchlik o‘rnatish uchun shartini aytdi
Jamiyat
−
02 Oktabr 2020
22225Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘da tinchlik o‘rnatish uchun o‘z shartini ochiqladi. Pashinyan turk yollanma askarlari va harbiy mutaxassislari Janubiy Kavkazni tark etishi kerakligini talab qildi. Bu haqda Kanadaning “The Globe and Mail” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Yaqin Sharqdan kelgan terrorchilar Turkiya homiyligida Ozarbayjon tarafida jang qilyapti. Turkiya Janubiy Kavkazni tark etsagina yarashuv bo‘lishi mumkin”, degan Bosh vazir.
O‘z navbatida Armaniston Tashqi ishlar vazirligi respublika Ozarbayjon va Turkiyaning hujumlariga qat’iyat bilan qarshilik ko‘rsatishda davom etishini bildirgan bo‘lsa-da Rossiya, AQSH va Fransiya rahbarligidagi YeXHTning Minsk guruhi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Avvalroq, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘da tinchlik o‘rnatilishi uchun Armaniston bosib olingan hududlardan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerakligini aytgandi.
Ma’lumot uchun, rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
LiveBarchasi