Parlamentda deputatlar Qodirov va Kusherboyev o‘rtasida tortishuv yuz berdi
Jamiyat
−
27 aprel 2021
22747Bugun, 27 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov va Liberal-demokratik partiya fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherboyev o‘rtasida tortishuv yuz berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ikki deputat o‘rtasida bahs yuz bergani haqida xabarlar tarqala boshlashi bilan Alisher Qodirov bo‘lgan voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.
“Men bilan Rasul Kusherboyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tortishuv juda ham normal holat.
Tortishuv mavzusi davlat hokimiyati organlarini noqonuniy qurilishlarni buzish bo‘yicha qarorlarini sudga berishda davlat bojini to‘lash yoki to‘lamaslik haqida edi. Menga qolsa sudga murojaat uchun umuman to‘lovlarni har qanday shakli bekor qilinishi kerak, adolatni izlash tortishuvlari faqat va faqat sudda bo‘lsin. Sud hamma uchun oson ochiladigan eshik bo‘lsin. Rasul esa bu norma hokimiyatlarni noqonuniy buzish ishlarini yanada rag‘batlantiradi degan xulosada. Tortishuv shu nuqtada bo‘ldi.”, deydi Qodirov.
U so‘zida davom etib, Kusherboyevning keskin so‘zlari uchun Odob komissiyasiga murojaat qilganiga to‘xtalib o‘tgan. Ammo Davlat soliq qo‘mitasining unga qarshi da’vosidan bexabar bo‘lganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Davlat Soliq qo‘mitasi bilan Rasul o‘rtasidagi nizodan xabarim yo‘q edi, asabiy bo‘lishga asosi bor. Bizni tortishuvimizdagi keskin so‘zlari uchun men ham Odob komissiyasiga murojaat qilganim rost. Lekin bu chaqiruvimni qaytib olaman. Qiyin paytda Rasulni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hamkasbimizni sudga jalb qilinishiga rozilik bermoqchi emasmiz”, deya vaziyatni tushuntirgan deputat.
Qodirov bugun hukumat hisoboti eshitilganini, murakkab vaziyatda ijro hokimiyati ham noan’anaviy ishlashni o‘rganayotganini aytib o‘tgan.
“Murakkab sharoitda Hukumat ham noan’anaviy ishlashni o‘rganyapti. Parlament ham erkin muhitda ishlashni endi o‘rganyapti. Qo‘polroq gapirgani uchun parlament a’zosini javobgarlikka tortilishi demokratik islohotlarimizning ruhiga mos emas.
Qancha tortishsak ham maqsadimiz bitta – O‘zbekistonimiz rivojlanishi kerak!”, degan Qodirov so‘zi so‘nggida.
Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Xidraliyevich Kusherboyev ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgani haqida xabar bergan edik. DSQ yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 4,6 mlrd so‘m tovon puli talab qilmoqda.
Kusherboyev QALAMPIR.UZ'ning so‘roviga ko‘ra, o‘ziga qarshi ochilgan da’voga munosabat bildirib, avvalo, 4,6 mlrd so‘mlik zarar qayerdan olinganini isbotlash kerakligini, u tadbirkorlar manfaatini himoya qilib, o‘z fikrini bildirganini ta’kidladi.
LiveBarchasi