Para Osiyo o‘yinlari. 8-o‘rin O‘zbekistonga yarashganmi?
Sport
−
30 Oktabr 2023
10571Joriy yilning 22-28 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan IV Para Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston uchun umumiy 79 ta medal bilan yakunlandi. Delegatsiya musobaqalar tarixidagi eng katta tarkib bilan qatnashib, yakunda medallar soni va sifati bo‘yicha qit’a davlatlari orasida 8-o‘rinni egalladi.
79 ta medal – bu O‘zbekistonning musobaqalar tarixidagi eng serhmahsul natijasi hisoblanadi, biroq 2018 yil Jakartada o‘tkazilgan bahslarda O‘zbekiston 6-o‘rinni, 2014 yil Inchon mezbonligidagi musobaqada esa 5-o‘rinni egallagandi. Xulosalar esa o‘zbekistonlik para atletlar sonda kuchayib, sifat borasida biroz ortga qadam tashlayotganini ko‘rsatadi, go‘yo.
Xo‘sh, natijalar yaxshiroq bo‘lishi mumkinmidi? O‘zbekiston 8-o‘rinni egallashiga qanday omillar ta’sir qildi?
Avvalo, qit’ada para sport bo‘yicha yaxshigina raqobat yuzaga kelganini ko‘rish mumkin. Xitoyning Osiyo sportidagi gegemoniyasini chetga surib aytadigan bo‘lsak, Xanchjou-2022 reytingidan yuqori sakkizlikni band etgan mamlakatlar para sporti o‘zaro teng raqobat qila olishini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, Janubiy Koreya, Hindiston, Indoneziya, Tailand va o‘zbekistonlik para atletlar “qit’a Paralimpiadasi” yakuniga qadar 3-o‘rin uchun kurashib keldi. Reytingda 8-o‘rindagi jamoa bilan 3-pog‘onani band etgan jamoa o‘rtasida medallar soni va sifati borasida yirik tafovut hosil bo‘lmagan. Agar O‘zbekistonning bir qator oltin kutilgan, jumladan, para yengil atletikachilar Xusniddin Norbekov, Elbek Sultonov va yana boshqa bir qator sportchilari 1-o‘rinni egallaganida mamlakatning reytingdagi o‘rni ancha yaxshilanishi mumkin edi, biroq Sultonov kumush, Norbekov esa bronza medali bilan cheklandi. Balki, ular Parij-2024 uchun bor kuchini ko‘rsatishni istamagandir, lekin Osiyoda ham O‘zbekistonning yana bir qator lider sportchilariga munosib raqobatchilar yetishib chiqayotganini Xanchjou-2022 ko‘rsatib berdi. Shunday bo‘lsa ham, para yengil atletikachilar O‘zbekistonga Xanchjou-2022 da eng ko‘p va sifatli medallarni keltirdi – 12 ta oltin, 8 ta kumush va 10 ta bronza jami 30 ta medal. Bu borada para atletlar mezbon Xitoy, shuningdek Eron va Hindistondan keyin 4-o‘rinni band etdi.
Musobaqalarda Xitoydan tashqari, faqatgina o‘zbekistonlik sportchilar shohsupaning 3 ta pog‘onasidan joy oldi. Para suzish bahslarining C13 klassining 50 m erkin suzish bahslarida o‘zbekistonlik Islam Aslonov oltin, Muzaffar Tursunxo‘jayev kumush, Kiril Pankov bronza medalini delegatsiya hisobiga qo‘shib qo‘ydi. O‘zbekiston para suzuvchilari qit’ada yetakchi ekanligini bahslar davomida isbotlay oldi. Shuningdek, para kanoe bahslarida debyut qilgan 6 nafar sportchining barchasi, shohsupaning 1-pog‘onasini band etdi.
Para kanoe sport turi bo‘yicha ko‘rsatilgan mazkur natija O‘zbekistonni Xitoy hamda Eronni ortda qoldirib, Osiyo mamlakatlari orasida 1-o‘rinni egallashiga zamin yaratdi.
O‘zbekiston-Markaziy Osiyoda “Xitoy”
Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekistonning qo‘shnilaridan faqatgina qozog‘istonlik para atletlar bahslarda nisbatan yaxshiroq qatnashdi. Qozog‘iston delegatsiyasi bahslarda umumiy 8 ta oltin, 12 ta kumush va 25 ta bronza – jami 41 ta medal to‘plab, 11-o‘rinni egalladi, lekin O‘zbekiston bilan medallar borasidagi farq anchagina katta. Qo‘shnilar asosan para dzyudo bahslarida yuqori probadagi medallarga ega chiqdi. Para dzyudoning erkaklar o‘rtasida -73 kg J1, -73 kg J2, ayollar o‘rtasida esa -48 kg J2 klassida oltin medallar Qozog‘istonniki bo‘ldi. Para dzyudo bo‘yicha umumjamoa hisobida Qozog‘iston 3 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan keyin 2-o‘rinni egalladi. Para dzyudoda O‘zbekiston vakillaridan katta natijalar kutilgandi, ammo yakunda para dzyudochilar 1 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronza – jami 12 ta medal bilan cheklanib, 4-o‘rinni qayd etdi. Bu safar eronlik para dzyudochilar ham medallar sifati bo‘yicha O‘zbekistonni ortda qoldirdi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘iziston 4 ta medal bilan umumjamoa hisobida 23-o‘rinni qayd etdi. Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari vakillari esa musobaqani medalsiz yakunladi.
O‘zbekiston para sportchilari qancha mukofot oladi?
Xanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan sportchilar, Osiyo o‘yinlari qahramonlari singari mukofot oladi.
Prezidentning 2023 yil 8 apreldagi 114-sonli qarori bilan mukofot pullarining yangi miqdori tasdiqlangan, AQSH dollari ko‘rinishidagi mukofot miqdori 2 baravar oshirilgan.
Sportchilarga:
• oltin medal uchun – 10 000 dollar;
• kumush medal uchun – 5 000 dollar;
• bronza medal uchun – 2 500 dollar;
Sportchilarni tayyorlagan murabbiylarga:
• oltin medal uchun – 5 000 dollar;
• kumush medal uchun – 2 500 dollar;
• bronza medal uchun – 1 250 dollar miqdorida har bir medal uchun bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi belgilangan.
Xanchjou – O‘zbekiston uchun mukammal qo‘llanma
Xanchjou Para Osiyo o‘yinlarida medal qo‘lga kirita olmagan o‘zbekistonlik sportchilar uchun yaxshigina tajriba maktabi bo‘ldi. Bundan tashqari, 2025 yilda O‘zbekiston yoshlar o‘rtasida Osiyo va Para Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. O‘zbekistonlik sport mutaxassislari tashkiliy masalalar bo‘yicha Xitoydan yaxshigina tajriba olgani aniq. Ayniqsa, para atletlarga kerakli sharoitlarni yaratib berish juda dolzarb masala hisoblanadi.
QALAMPIR.UZ Osiyo va Para Osiyo o‘yinlarining tashkiliy masalalariga oid savollarni ochiq qoldirib, bu boradagi savollarga tez kunda Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Paralimpiya qo‘mitasi mutaxassislaridan javob olishni reja qilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Para Osiyo o‘yinlari o‘zbek para sportidagi yutuq va kamchiliklarni yetarlicha ko‘rsatib bera oldi. “Osiyo Paralimpiadasi” haqiqiy Paralimpiadada natijalarni yaxshilashga xizmat qilsa, O‘zbekiston uchun eng katta yutuq avvalo shu bo‘ladi.
LiveBarchasi