Pandora hisoboti: Gulnora Karimova millionlarni qanday qo‘lga kiritgani fosh qilindi
Olam
−
05 Oktabr 2021
38078Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning saylovoldi kampaniyasiga hissa qo‘shgan atoqli donor Yevropa tarixidagi eng yirik mojarolardan biriga aralashgan. U Telia kompaniyasining O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi faoliyatida offshor bitimlarni tuzish va amalga oshirishda ayblanmoqda. Bu kelishuvlarni tuzishda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning qo‘li bor. Bu haqda BBC tadqiqot guruhi xabar qildi.
Muhammad Amersi 2018 yildan beri Britaniyaning Konservatorlar partiyasiga 525 000 funt sterling xayriya qilgan.
Sizib chiqqan hujjatlar uning qanday qilib Shvetsiya telekommunikatsiya shirkati uchun bir qator ziddiyatli kelishuvlarni amalga oshirganini ham oshkor qiladi. Ushbu shirkat keyinchalik AQSH tarafidan 965 million dollarlik jarimaga tortilgan. Shunga qaramay, Amersi ayblovlarni rad etadi.
61 yoshli advokat 2007-2013 yillari Telia shirkati uchun maslahatchilik qilgan.
BBC Panorama guruhi Tadqiqotchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi hamda “The Guardian” nashri bilan birga tekshiruv olib borib, Muhammad Amersi 2010 yili ofshor shirkatga 220 million dollar to‘lov o‘tkazish kabi ziddiyatli jarayonda ishtirok etgani haqidagi hujjatlarni qo‘lga kiritdi.
Qayd etilishicha, bu shirkatni o‘sha paytdagi O‘zbekiston Prezidentining qizi Gulnora Karimova nazorat qilgan. Ushbu to‘lovni esa AQSH hukumati “220 million dollarlik pora” deb atagandi.
Amersining advokatlariga ko‘ra, ofshor shirkat Telia tarafidan “tekshirilgan va ma’qullangan” bo‘lgan va shu bois u hech qanday xavotir uyg‘otmagan.
Britaniya: Donor pulni qayerdan olgan?
Janob Amersi boyligining manbalari qayerda degan savollar aynan Manchesterda Britaniya Konservatorlar partiyasining yillik anjumani o‘tadigan pallaga to‘g‘ri kelgan.
U 2019 yilgi saylovlar uchun 100 ming funt sterling va Bosh vazirlik kampaniyasiga 10 ming funt sterling hadya qilgan.
Janob Amersining Rossiyada tug‘ilgan partnyori Nadejda Rodicheva ham 2017-2018 yillar davomida Britaniya Konservatorlar partiyasiga 250 ming dollardan ko‘proq pul tuhfa qilgan.
Siyosiy qonunchilik bo‘yicha tahlilchi Gevin Millarning fikricha, Konseratorlar partiyasi bu pullarni qaytargani tuzuk.
“Menimcha, ular pullarni qaytarib berishi kerak… agar donor borasida jiddiy savollar so‘ralayotgan bo‘lsa”, deydi u.
Lekin tahlilchining qo‘shimcha qilishicha, “ular pullarni qaytarish mas’uliyati ostida emas va biron qonun yoki yo‘riqnoma ularni bunga majburlay olmaydi”.
O‘tgan yillar davomida Britaniyadagi boshqa asosiy siyosiy partiyalar – Leyboristlar va Liberal-demokratlar ham (hadya qilingan) pullarni qaytarish chaqiriqlariga yuz tutishgandi.
Ayni damda donorlar uchun faqat Buyuk Britaniya saylov reyestrida bo‘lish yetarli. Partiyalar buni tekshirgach, istagancha mablag‘ni qabul qilaverishlari mumkin.
So‘nggi oylarda Muhammad Amersi katta pul evaziga Britaniya Bosh vaziri va Moliya vaziri bilan muntazam tarzda uchrashib kelgan donorlar qatorida tilga olinmoqda.
Yangi hujjatlar: Pandora Papers
Janob Amersining nomi esa sizib chiqqan 12 millionga yaqin hujjatda uchraydi, ayni hujjatlar esa Pandora Papers deb ataladi.
Hujjatlar Britaniya Virgin orollari, Panama va Singapurdagi ofshor moliyaviy shirkatlar qanday ishlashlari tafsilotlarini ko‘rsatadi.
Sizib chiqqan hujjatlarda Britaniya sobiq Bosh vaziri Toni Bler va uning rafiqasi Cheri aynan ofshor kelishuvlarni ishga solib, 6,45 million funt sterlingga ko‘chmas mulk sotib olishgani va shu asno 312 ming dollar mulk solig‘i to‘lashdan qutulib qolishgani haqida ham yozilgan.
Hujjatlarga binoan, Muhammad Amersi maxfiy ofshor shirkatlarni ishga solib, Britaniyada ikkita (Meyfeyr va Glostershirda) ko‘chmas mulk sotib oladi.
Gulnora Karimova va Amersi
BBC va media hamkorlari olib borgan tekshiruvlarning ko‘rsatishicha, Muhammad Amersi Gibraltarda joylashgan shirkatga 220 million dollar to‘lash bo‘yicha muzokaralarda ham ishtirok etgan.
Bu shirkatga esa O‘zbekistonning o‘sha paytdagi Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova ofshor kompaniya orqali maxfiy tarzda egalik qilgan.
Telia o‘z shirkatlaridan birining hissalarini 2007 yili unga bergan. Oradan uch yil o‘tib esa ushbu hissalarning aksarini o‘zi yana 220 million dollarga sotib olgan.
Ayni harakat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ishda AQSH hukumati bu usulni O‘zbekistonda telekommunikatsiya biznesini yuritish uchun "pora berish" deb atagan. Telia o‘sha paytda O‘zbekistondagi faoliyati uchun yangi ruxsatnoma olishga intilayotgan bo‘lgan.
Qoralov tarafiga ko‘ra, pop-yulduz va BMTda elchi bo‘lgan Gulnora Karimova O‘zbekistonda “ta’sirga” ega edi. Ayni harakat AQSH Adliya vazirligi tarafidan Telia shirkati va uning ba’zi mulozimlariga qarshi qo‘zg‘atilgan ishning bir qismi sifatida ko‘riladi.
Ushbu jarayon 2017 yili tugagan va mahkamaga yetib bormagan. Sababi - Telia shirkati aksilkorrupsiya qonunlarini buzganini tan olgan va 965 million dollar jarima to‘lashga rozilik bergan.
Shvetsiyada Telia shirkati mulozimlari Gulnora Karimova bilan oldi-berdi ishlari bo‘yicha ayblangan, ammo bu mamlakatning poraxo‘rlikka oid qonunlari ushbu holatda tadbiq etilmasligi uchun ular oqlanganlar.
Muhammad Amersi kim?
Britaniya fuqarosi. Keniyada tug‘ilgan. Asli kelib chiqishi Eron va Hindistondan. Britaniyada ta’lim olgan. Sheffild va Kembridj universitetlarida tabbiyot hamda huquqshunoslikka o‘qigan.
O‘z xayriya jamg‘armasi veb-sahifasida "global kommunikatsiyada atoqli ishbilarmon, filantrop va g‘oyalar lideri" deb ataladi. O‘z nutqlarida korrupsiyaga qarshi gapirgan.
Yaqinda Britaniya Konservatorlar partiyasining Yaqin Sharqdagi aloqalarini kuchaytirishga yordam beruvchi guruh tashkil etgani uchun ayrim konservatorlar qarshiligiga duch kelgan.
Amersining pora ishiga aloqasi qanday?
BBC qo‘lga kiritgan dalillarga muvofiq, Muhammad Amersi Telia shirkatining boshqa kelishuvlariga ham aralashgan.
Shirkat ichki hisobotlaridan sizib chiqqan hujjatlar Janob Falonchi Pistonchi nomli (Mr XY) maslahatchining faoliyatini tasvirlaydi va olti yil davomida unga 65 million dollardan ko‘proq pul to‘langanini ta’kidlaydi.
Ushbu to‘lovlar orasida oyida o‘rtacha 100-200 ming dollarlik “dabdabali korporativ ko‘ngilxushliklar” ham bor, ammo ular uchun ketgan sarf-xarajatlar kvitansiyalari yo‘q.
Hisobotda urg‘ulanishicha, maslahatchiga to‘langan mablag‘larning ba’zilari “qonuniy imtiyozlardan nomaqbul foydalanish hamda tranzaksiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga erishish uchun ishlatilgan”.
Telia shirkatining sobiq ijroiya rahbari Mikaela Alberg (u aynan shirkatni tozalash uchun tayinlangandi) BBC bilan suhbatda hisobotdagi nomi ochiqlanmagan maslahatchi aynan Muhammad Amersi ekanligini aytgan.
“Uning atrofidagi odamlar, unga ishonganlar va unga quloq tutadiganlar uning faoliyati va boyligi borasida tushunchaga ega bo‘lishlari muhim”, degan Alberg.
Qayd etilishicha, Muhammad Amersi 2014 yili Telia yillik uchrashuvida eslatilgan “maslahatchi” bo‘lgan va Yevroosiyodagi ba’zi tranzaksiyalar ortidan shirkat bilan o‘rtasidagi kelishuvlari "to‘xtatilgan".
O‘shandan beri Telia shirkati Markaziy Osiyodan chiqib ketdi va u yerdagi bizneslarini sotdi.
Hozirda Skandinaviya hamda Shimoliy Yevropadagi faoliyatiga urg‘u bermoqda va korporativ boshqaruvda o‘zgarishlar qilgan. Endilikda ochiqlik va shaffoflikka e’tibor qaratishini aytmoqda.
Janob Amersining advokatlari esa uning shartnomasi to‘xtatilganini “butkul soxta” deb atashmoqda.
Ularga ko‘ra, u shirkat rahbarlari bilan birga yuqori martabali siyosatchilarni uchratgan, ammo "faqat muayyan shaxslar bilan ish olib borgan va u insonlar asosiy tashkilotlardagi siyosatdonlar bo‘lishmagan".
Himoyachilarning aytishicha, uning gonorar va chiqimlari ayni sohadagi amallarga to‘liq mos bo‘lgan va shirkat muntazam tarzda kvitansiyalarni ko‘rsatishni talab qilmagan.
“Bizning mijozimiz normativ imtiyozlarni qo‘lga kiritish va telekommunikatsiya shartnomalariga erishish uchun Telia shirkati uchun kanal vazifasini o‘tagani haqidagi ayblovlar mutlaqo uydirma”, deyishgan uning advokatlari.
Pandora Papers – sizib chiqqan 12 millionga yaqin hujjat bo‘lib, ular dunyo rahbarlari, siyosatchilar va milliarderlarning maxfiy boyliklari hamda yashirin kelishuvlarini oshkor etadi.
AQSHda Tadqiqotchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi qo‘lga kiritgan ma’lumotlar eng yirik global tekshiruvlarga yetakladi.
Dunyoning 117 mamlakatidagi 600 nafardan ko‘proq jurnalist yer yuzidagi eng qudratli insonlarning yashirin boyliklari bilan tanisha olishdi.
LiveBarchasi