Ozon aksiyalari dronlar hujumi sabab keskin pasayib ketdi
Olam
−
14:44 545 2 daqiqa
Bugun, 24 avgust kuni Moskva birjasida Ozon aksiyalari 29,09 foizga arzonlab, 2 112,5 rublgacha tushdi. Keskin pasayish fonida birja Ozon aksiyalari bo‘yicha diskret auksionni ishga tushirdi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bunga marketpleysning Rossiyadagi logistika markazlariga dronlar hujum qilgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan. Ozon aksiyalarining narxi avvalgi savdo kunidagi yopilish narxi – 2 968 rubldan 10 daqiqa davomida 20 foizdan ko‘proqqa pasaygan. Shu sababli, Moskva birjasi odatiy savdolar o‘rniga diskret auksion mexanizmini qo‘llagan. Auksion Moskva vaqti bilan 10:22 dan 10:52 gacha davom etgan.
Ma’lumot uchun, diskret auksion bozor narxidagi keskin o‘zgarishlarni yumshatish uchun qo‘llanadigan mexanizm hisoblanadi. Bunda birja savdo ishtirokchilaridan aksiyalarni sotib olish va sotish bo‘yicha buyurtmalarni yig‘adi. Mexanizm aksiya narxi avvalgi savdo kunidagi yopilish narxidan besh daqiqa davomida 20 foizdan ko‘proqqa o‘zgarganda ishga tushiriladi. Auksion yakunlangach, aksiyalar bilan savdolar odatiy tartibda davom ettiriladi.
“BKS Mir Investitsiy“ tahlilchilari Ozon aksiyalariga nisbatan ijobiy fikr bildirgan. Ularning baholashicha, kompaniyaga yetkazilgan zarar Wildberries’ga qilingan hujum oqibatlaridan katta bo‘lmaydi va bunday tashqi ta’sirlar kelgusida takrorlanmasligi mumkin.
Mutaxassislar Ozon raqobatchilariga nisbatan moliyaviy zararni yumshata olganini qayd etgan. Bunga kompaniyaning ombor binolarini developer kompaniyalardan ijaraga olishi sabab bo‘lgan. Ya’ni, mulkka oid xavf bino egasi va sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida taqsimlangan. Bundan tashqari, ayrim qimmatbaho mahsulotlar hujumlardan oldin buyurtmalarni topshirish punktlariga olib chiqilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, shikastlangan omborlar faoliyatini boshqa ob’ektlarga taqsimlash imkoniyati mavjud. Biroq bu yetkazib berish muddatlarining uzayishi va logistika xarajatlarining oshishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, hozirgi vaziyat Ozon aksiyalarining qiymatini qayta baholash uchun asos yaratmoqda. Bunda kompaniyaga yetkazilgan zararning aniq ko‘lami va logistika markazlarini tiklash muddati asosiy omil bo‘ladi. Tahlilchilar uchinchi chorak moliyaviy natijalariga ta’sir hozircha o‘rtacha darajada bo‘lishini kutmoqda. Ehtiyotkor investorlar esa vaziyat oydinlashguncha kutish pozitsiyasini egallashi ma’qul ekanini bildirgan.
Ozon’ning asosiy aksiyadori bo‘lgan “Sistema“ xoldingi uchun esa asosiy xavf marketpleys dividend to‘lovlarini vaqtincha to‘xtatishi mumkinligidir. Bu xoldingning pul oqimlariga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 avgust kuniga o‘tar kechasi Ukraina Samara viloyatidagi Ozon’ning logistika majmuasiga zarba bergan edi. Shuningdek, bugun, 24 avgustga o‘tar kechasi Ozon’ning Krasnodar va Maxachqal’adagi logistika markazlari ham dronlar hujumiga uchragan.
Live
Barchasi