Ozodbek Nazarbekov yana bir davlatda xalq artisti bo‘ldi
Madaniyat-san’at
−
05 Sentabr
19766Ozodbek Nazarbekovga Qirg‘iziston xalq artisti unvoni berildi. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning “Qirg‘iziston Respublikasi faxriy unvonlarini berish to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Unga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun O‘zbekistondan madaniyat va san’at sohasidagi quyidagi ikki vakilga faxriy unvon berildi:
- O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga – Qirg‘iziston xalq artisti faxriy unvoni;
- Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti “An’anaviy maqom ijrochiligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Farangiz Mahmudovaga – Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni.
Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Qozog‘iston Respublikasining ikkinchi darajali “Dostiq” (“Do‘stlik”) ordeni bilan taqdirlandi. Mukofotni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev nomidan ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov topshirdi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyida Ozodbek Nazarbekov Tojikiston xalq hofizi faxriy unvoni bilan taqdirlangan. 2020 yilda esa o‘sha paytdagi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Nazarbekovni Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki nafar qirg‘izistonlik san’atkorni faxriy unvon bilan taqdirlagandi.