Ozarbayjon va Rossiya orasi yana buzildi

Olam

image

Ozarbayjondagi barcha madaniy tadbirlar, jumladan, Rossiya davlat va xususiy muassasalari tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsertlar, festivallar, spektakllar, ko‘rgazmalar bekor qilindi. Bu haqda Ozarbayjon Madaniyat vazirligi ma’lum qildi.

“Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Yekaterinburgda etnik asosda ozarbayjonlarga nisbatan ko‘rgazmali, maqsadli va sudsiz qotillik va zo‘ravonlik harakatlari, shuningdek, so‘nggi paytlarda bunday holatlar tizimli tus olayotganini hisobga olib, Rossiya davlat va xususiy muassasalari tomonidan Ozarbayjonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan madaniy tadbirlar, jumladan, konsertlar, festivallar, tomoshalar, ko‘rgazmalar bekor qilindi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Qayd etilishicha, chiptalarni oldindan sotib olgan fuqarolar pulni qaytarish uchun tegishli savdo nuqtalari va onlayn platformalarga murojaat qilishlari mumkin.

Bundan tashqari, Milliy Majlis Matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Milliy Majlis raisining birinchi o‘rinbosari Ali Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ozarbayjon va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning 23-yig‘ilishida ishtirok etmasligini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, tashrifning bekor qilinishiga “Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Yekaterinburg shahrida etnik asosda ozarbayjonliklarga nisbatan ko‘rgazmali, maqsadli va qonunga zid ravishda sodir etilgan qotilliklar va zo‘ravonlik harakatlari, shuningdek, so‘nggi paytlarda bunday holatlar muntazam tus olgani” sabab bo‘lgan.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Ozarbayjon parlament delegatsiyasining tashrifi bekor qilindi”, deyiladi xabarda. 

Hammasi nimadan boshlangandi?

27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Federal xavfsizlik xizmati tomonidan ozarbayjonliklar yashaydigan manzillarda o‘tkazilgan reydlar oqibatida Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari vafot etgandi. Reydlar davomida 9 kishi hibsga olingan.

Rossiya tomoni o‘z bayonotida Yekaterinburgda “o‘tgan yillarda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish doirasida bir qator shaxslar qo‘lga olingani, ularning uylarida tintuv o‘tkazilganini” ma’lum qilgan. Rus OAVning yozishicha, reydlar chog‘ida “Boku Plaza” savdo markazida ham tintuv o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, Yekaterinburgda 50 dan ortiq ozarbayjonlik ushlangan, ayrimlari so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Bu ushlashlar 2001 yilda bir savdogar o‘ldirilgan holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan. O‘shanda marhum “Kaspiy” kafesi yonida pichoqlangan. Qotillikda kafe egalari aka-uka Ziyoddin va Husay Safarovlar gumonlanuvchiga aylangan. Marhum jon berishidan oldin ularning ismlarini aytgan. O‘sha vaqtlarda Safarovlarni javobgarlikka tortishning iloji bo‘lmagan. Aka-ukalar 24 yil o‘tib, bu ishni allaqachon yopilgan deb hisoblagan.

Safarovlar oilasining tanishiga ko‘ra, hibsga olish chog‘ida aka-uka o‘zini yomon his qilayotganini aytgan. Ular shifoxonaga yotqizilgan. Aka-ukalar vafot etgan. 

Manbalarning xabar berishicha, tergov doirasida Ozarbayjon diasporasi rahbari Shohin Shixlinskiy ham so‘roq qilingan. Biroq Shixlinskiy bu ma’lumotlarni “yolg‘on va bo‘hton” deb atagan.

Rossiyaning Bakudagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Pyotr Volokov Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga rasmiy norozilik bildirilgan. Bayonotda aytilishicha, reyd oqibatida ikki ozarbayjonlik vahshiylarcha o‘ldirilgan, bir necha kishi og‘ir yaralangan, to‘qqiz kishi hibsga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing