Ozarbayjon Qozog‘istondan Tog‘li Qorabog‘dagi qurolli mojaroda yordam berishini so‘radi

Olam

image

Ozarbayjon Qozog‘istondan Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti orqali ta’sir o‘tkazishini so‘radi.

Ozarbayjonning Qozog‘istondagi elchisi Rashad Mamedov barcha xalqaro kelishuvlarda Tog‘li Qorabog‘ hududi Ozarbayjon tarkibida ko‘rsatilganini eslatib, hozirda o‘sha hududlarni ozod qilish harakati olib borilayotganini ta’kidlagan.

Elchi Qozog‘iston Tog‘li Qorabog‘ning Ozarbayjondan ajratilganini rasman tan olmaganini va mamlakat yaxlitligi tarafdori ekanini qo‘shimcha qildi. Ammo shunga qaramay, Qozog‘istonda Ozarbayjon va Armaniston mojarosi haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilayotganidan norozilik bildirdi.

“Armaniston tomondan dezinformatsiya kelyapti. Bu masalaga juda ehtiyotkor yondashish kerak. Ozarbayjon Armaniston bilan chegarada harbiy harakatlar olib bormayapti. Harbiy to‘qnashuvlar Ozarbayjonning o‘rtasida yuz beryapti. Biz o‘z hududimizni ozod qilyapmiz. Biz urushni xohlamagandik. Bu haqda barcha minbarlardan aytdik, ammo endi armiyamiz chekinmaydi, kecha 8 ta qishloq ozod qilindi”, degan elchi Mamedov.

Ozarbayjon elchisi Armaniston tarkibida Qozog‘iston ham bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti a’zo ekanini eslatgan. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, shu sababdan mojaroga uchinchi davlatni ham aralashtirish uchun axborot huruji amalga oshirilyapti. 

“Biz Qozog‘istondan YeOII va KXSHT doirasida Armanistonni to‘xtatishini so‘raymiz. Qozog‘istonning yordamiga, xalqaro huquq doirasida ruhiy va siyosiy ko‘magiga muhtojmiz. Mojaro tinch yo‘l bilan hal etilishi kerak”, degan Rashad Mamedov.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar yuzasidan bayonot berib, tomonlarni qurol ishlatishdan tiyilishga va muzokaralar o‘tkazishga chaqirgandi.

Shuningdek, rasmiy Nur-Sulton xalqaro tashkilotlar doirasida mojaroni hal qilishning tinch yo‘llarini izlashda yordamlashishga tayyorligini bildirgandi.

Ma’lumot uchun, rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi Ozarbayjon-Qozog'iston

Baholaganlar

613

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing