Ozarbayjon 1,5 oylik urushda qancha zarar ko‘rganini oshkor qildi

Olam

image

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi joriy yilning 27 sentyabridan 10 noyabrigacha Tog‘li Qorabog‘da olib borilgan harbiy harakatlardagi yo‘qotishlar haqida ma’lumot berdi. Bir yarim oyda 2783 nafar harbiy halok bo‘lgan.

100 dan ortiq harbiy xizmatchi bedarak yo‘qolgan. 1245 nafar harbiy jarohatlangan va hozirda davolanyapti.

“Qorabog‘i toji Shushani ozod qilish operatsiyasi jahon urushlari tarixidagi eng mukammal harbiy amaliyot bo‘ladi. Biz 30 yil orzu qilgan yerlarimiz shahidlarimizning qoni va hayoti evaziga ozod qilindi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq, Armaniston Mudofaa vazirligi ham umumiy yo‘qotishlari haqida ma’lumot berib, 2660 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini bildirgandi. Sog‘liqni saqlash vaziri Arsen Torosyan esa bu raqam yakuniy emasligini, negaki qidiruv va shaxsga aniqlik kiritish ishlari davom etayotganini aytgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarda 4 mingdan ortiq askar halok bo‘lgani va 8 mingi jarohatlanganini ma’lum qilgandi. Yana o‘ng minglab odam qochoqqa aylangan.

Har ikki tomon 1,5 oyda qancha texnikadan ayrilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ammo urush davomida rasmiy Baku va Yerevan bir necha yuzlab tanklar yo‘q qilinganinin aytdi. Shuningdek, bir nechta samolyot, dron va vertolyot ham urib tushirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 noyabr kuni Fransiya Senati mamlakat Hukumatini Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Keyinroq Fransiya TIV rasmiy Parij TQRni tan olmasligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.

Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Tog'li Qorabog'

Baholaganlar

179

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing