“Oz sehrgari”ni o‘margan odam 18 yildan so‘ng topildi 

Madaniyat-san’at

image

Bundan 18 yil oldin "Oz mamlakati sehrgari" filmida Judi Garlend kiygan yoqut tuflilar muzeydan o‘g‘irlab ketilgandi. O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan sudda jinoyatda gumonlangan erkak o‘z aybiga iqror bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar bedi. 

Filmdagi poyabzallar 2005 yilda Minnesota shtatidagi Judi Garlend muzeyidan o‘g‘irlangan. Bu tuflilar Gollivudning esdalik buyumlari kolleksioneri Maykl Shoudan muzey uchun ijaraga olingandi. O‘shanda kimdir derazadan oshib tushgan va vitrinani sindirib, eksponatni o‘g‘irlagan. Ular faqatgina 2018 yilga kelib FQB tomonidan qaytarib olingan. Ammo bu ish bo‘yicha hech kim hibsga olinmagan. Joriy yilning may oyida esa 76 yoshli Terri Jon Martinga nisbatan ayblov qo‘yildi.

Bir sahifali ayblov xulosasida tergovchilar Martinni qanday aniqlangani haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Gumonlanuvchi avval ham o‘g‘irlangan buyumlar uchun sudlangan (1988) va o‘z jinoyatiga iqror bo‘lgani va pushaymonligi uchun ozodlikka chiqarilgan. 

O‘g‘irlangan tufli o‘nga yaqin turli xil materiallardan, jumladan, yog‘och, ipak ip, jelatin, plastmassa va shishadan tayyorlangan. Shunga qaramay, u 1 million AQSH dollariga sug‘urtalangan, ammo federal prokurorlar ayblov e’lon qilganda uning hozirgi qiymatini taxminan 3,5 million dollarga baholagan. 

Ushbu san’at asari filmdagi yagona qimmatbaho tufli emas. 1939 yilda suratga olingan ushbu mashhur filmda Garland bir nechta yoqut tufli kiygan. Ammo ulardan faqat to‘rt juft haqiqiy poyabzal saqlanib qolgan. Qolgan uch juft noyob tuflilar esa Kino san’ati va fanlari akademiyasida, Smitson Amerika tarixi muzeyida va xususiy kolleksionerning jamlanmasida saqlanadi.

Ayblanuvchining advokatiga ko‘ra, Minnesota shtatining bosh federal sudyasi Patrik Shilsning hukmni 3 oydan so‘ng belgilashi taxmin qilinmoqda. Federal hukmning majburiy bo‘lmagan qoidalariga asosan Martinga 10 yildan 12 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, Leonardo da Vinchining butun dunyoga mashhur asari “Mona Liza” o‘g‘irlanganidan so‘ng mashhurlikka erishgan. Ushbu jinoyat  “asr o‘g‘riligi” deb ataladi.


Maqola muallifi

Teglar

muzey o'g'irlik Oz sehrgari Judi Garlend yoqut tufli oyabzal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing