Fransiyadagi muzeydan qimmatbaho san’at asarlari o‘g‘irlab ketildi

Madaniyat-san’at

image

Bugun, 8 sentyabr kuni Fransiyaning Lazur qirg‘og‘idagi Kan-syur-Mer shahrida joylashgan fransuz rassomi Per Ogyust Renuar muzeyiga ikki nafar noma’lum shaxs bostirib kirib, to‘rtta san’at asarini o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘g‘rilik erta tongda yuz bergan. Kan-syur-Mer meri Brian Massonning so‘zlariga ko‘ra, muzey signalizatsiyasi soat 5:48 da ishga tushgan, oradan atigi besh daqiqa o‘tib voqea joyiga munitsipal politsiya yetib borgan. O‘g‘rilar shahar videokuzatuv kameralariga tushib qolgan, biroq ular yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Qochish vaqtida ular o‘g‘irlangan to‘rtta asardan birini tashlab ketgan.

Shahar hokimiyati o‘g‘irlangan san’at asarlari qiymatini dastlabki tarzda 9 mln yevroga baholagan. Aynan qaysi asarlar o‘g‘irlangani hozircha ma’lum qilinmayapti.

Ma’lumot uchun, Renuar muzeyi rassom umrining so‘nggi yillarini o‘tkazgan va 1919 yilda vafot etgan xonadonda joylashgan. Muzey 1960 yilda ochilgan. Uning kolleksiyasida Renuarning suratlari, jumladan portretlar, peyzajlar, shuningdek, unga tegishli bo‘lgan buyumlar bor. Ularning orasida molbert va nogironlar aravachasi ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq noma’lum shaxslar Ispaniyaning Vilena shahridagi MUVI muzeyini to‘nab ketgan. Ular yoshi 3000 yildan ortiq deb baholanuvchi bronza davriga oid oltin taqinchoqlar – “Vilena xazinalari”ni o‘g‘irlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing