Ispaniyadagi muzeydan 10 kg xazina o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
20:50 511 2 daqiqa
Bugun, 27 avgust ertalab noma’lum shaxslar Ispaniyaning Vilena shahridagi MUVI muzeyini to‘nab ketdi. Ular yoshi 3000 yildan ortiq deb baholanuvchi bronza davriga oid oltin taqinchoqlar – “Vilena xazinalari”ni o‘g‘irlagan. Bu haqda “El Pais” xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘g‘rilik chalg‘ituvchi harakat bilan boshlangan. Ertalab soat 5:16 atrofida mahalliy sport markazida signalizatsiya ishlab ketgan. Xavfsizlik xizmati xodimlari o‘sha tomonga ketgan, to‘rt daqiqadan so‘ng – soat 5:20 da esa muzeydagi signalizatsiya harakatga kelgan. To‘rt daqiqadan so‘ng politsiya voqea joyiga yetib kelganida, bino bo‘shab qolgani, taqinchoqlar esa o‘g‘irlab ketilganini ko‘rgan.
O‘g‘rilar avval asosiy kirish joyidan kirmoqchi bo‘lgan, ammo yakunda barcha zarur himoya tizimlari va o‘q o‘tmaydigan oynalar bilan jihozlangan yon oynalar orqali ichkariga yorib kirgan. O‘g‘rilikda gumonlanayotganlar hozircha topilmagan: kuzatuv kameralari faqatgina ikkita avtomobildagi bir guruh odamlarni qayd etgan. Ularning shaxsi esa noma’lum.
Vilena meri Fulxensio Serdan o‘g‘rilar matbuot anjumanida “xazinaning katta qismini o‘g‘irlab ketganini” tasdiqlagan. Vilena xazinalarining umumiy vazni 10 kilogrammni tashkil etadi. Ular orasida oltin va kumush taqinchoqlar, oltindan yasalgan kosalar va idishlar, podshoh hassasining parchalari va boshqa buyumlar bor. Ularning umumiy qiymati 1,5 million yevrodan ortiq deb baholanmoqda. Qora bozorda bu summa bir necha baravarga oshishi mumkin.
Vilena kabi kichik shahar uchun (aholisi 35 ming kishi atrofida) bu o‘g‘rilik haqiqiy fojia bo‘ldi, deb tan olmoqda mahalliy hokimiyat organlari.
“Ular bizni barbod qilishdi. Bu merosimizning, boyligimizning bir qismi edi. Xazinalar shaharimiz faxri edi”, deydi Vilena meri.
Ma’lumot uchun, “Vilena xazinalari” taxminan miloddan avvalgi 1250 yilga oid. Shu tariqa, ularning yoshi uch ming yildan oshadi. Ular 1963 yilda tasodifan topib olingan. Bu Pireney yarim orolidagi bronza davriga oid eng muhim oltin buyumlar to‘plamlaridan biri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shotlandiya sohillari yaqinida qariyb 400 yil avval cho‘kib ketgan qirollik kemasi – “Blessing of Burntisland” qoldiqlari topilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Mutaxassislar kema bortida bugungi qiymatda 20 million funt sterlingga teng boylik bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Live
Barchasi