Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi binosi Yoshlar teatriga beriladi
Jamiyat
−
16 Oktyabr 789 5 daqiqa
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi Davlat yoshlar teatriga biriktirilmoqda. Biroq uning “Madaniy meros ob’ekti” maqomi o‘zgarmaydi. Bu haqda Madaniy meros agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Madaniy meros agentligi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi binosining (asliyatda – “Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi”) Davlat yoshlar teatriga biriktirilishi va fondlarning ko‘chirilishi yuzasidan-yuzaga kelgan savollarning huquqiy va faktologik asoslarini to‘liq ochib berish maqsadida o‘rganish ishlari olib borgan.
Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, A. Navoiy ko‘chasi, 69-uy manzilida joylashgan ushbu ob’ekt Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga (Toshkent shahar bo‘limi, 12-band) kiritilgan bo‘lib, davlat muhofazasiga olingan.
Ushbu ob’ektning boshqa foydalanuvchiga o‘tkazilishi uning “Madaniy meros ob’ekti” maqomini mutlaqo o‘zgartirmaydi. “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, moddiy madaniy meros ob’ektining foydalanuvchisi yoki mulkdori kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning tashqi va ichki ko‘rinishini ob’ekt pasportiga kiritilgan muhofaza mazmuni ma’lumotlariga muvofiq holda saqlash majburiyati o‘z kuchida qoladi. Foydalanuvchi o‘zgarishi huquqiy majburiyatlarni bekor qilmaydi, balki yangi foydalanuvchi (teatr) zimmasiga yuklaydi.
Bildirilishicha, mazkur ob’ekt tarixan va arxitekturaviy jihatdan “Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi” sifatida barpo etilgan bo‘lib, Davlat yoshlar teatri uzoq yillardan buyon ushbu majmuaning bir qismida faoliyat yuritib keladi. Bino hukumatning xizmat doirasida foydalanish uchun grifli (XDFU) qarori bilan teatrga berilganining sababi – mazkur majmuani yagona madaniy-teatr majmuasi sifatida saqlab qolish va teatrning kengaygan ehtiyojlari (repetitsiya zallari, grim xonalari, dekoratsiya ustaxonalari) uchun sharoit yaratish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi PQ-5150-son qarori 4-bandining to‘rtinchi xatboshisiga muvofiq, “davlat ko‘chmas mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi”. Bino madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatida bo‘lgani bilan Madaniy meros agentligi balansida emas, balki Fanlar akademiyasi tizimida bo‘lgan va balansda saqlovchining taklifi inobatga olinib, hukumat qarori bilan operativ boshqaruv huquqi asosida Davlat yoshlar teatriga tekin foydalanishga berilgan.
Bino hukumatning XDFU qarori bilan teatrga berilganining sababi – mazkur majmuani yagona madaniy majmua sifatida saqlab qolish. Ob’ektni ta’mirlash va tiklash loyihasi agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan qat’iy nazoratga olingan va ikki bosqichga bo‘lingan.
Tashqi fasad loyihasi kengashning 2026 yil 18-20 may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sayyor yig‘ilishining 11-sonli bayoni 55-bandi bilan ma’qullangan. Unga ko‘ra, binoning tashqi qismini joriy ta’mirlash, tashqi tomondagi deraza romlarini almashtirish hamda bino atrofi hududini “Ko‘ksaroy” graniti bilan qoplash ishlari belgilangan. Kengash loyihada yo‘qolib ketgan kichik arxitektura elementlarining izlarini qayta tiklash hamda bino tashqi ko‘rinishida qat’iy ravishda RAL 1015 NCS 0510-Y30R rangini qo‘llash shartini qo‘ygan. Ushbu 1-bosqich loyiha-smeta hujjatlari 4 mlrd 612 mln so‘m etib belgilangan va hozirda ishlar olib borilmoqda.
Ichki qism va Ch.Axmarov hamda T.Sa’dullaevning devoriy suratlari (pannolari) taqdiri: Ichki qismni ta’mirlash va restavratsiya qilish masalasi 2-bosqichga kiritilgan. Bu bo‘yicha loyiha hujjatlari takomillashtirilmoqda. Agentlik tomonidan ichki zallaridagi betakror devoriy suratlarni va Chingiz Axmarov qalamiga mansub g‘azallar syujeti aks etgan noyob san’at asarlarini ko‘chirish mutlaqo imkonsiz deb baholangan. Ular joyida asl holicha saqlanadi va kengash tomonidan ichki ta’mirlash loyihasi faqat ushbu devoriy suratlarni konservatsiya va restavratsiya qilish sharti bilangina ikkinchi bosqichda ko‘rib chiqiladi.
Muzey fondidan o‘rin olgan noyob eksponatlar Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 20 maydagi 234-F-sonli farmoyishiga asosan, Yangi Toshkent shahrida qurilayotgan zamonaviy bino ishga tushgunga qadar vaqtinchalik xavfsiz saqlash uchun Islom sivilizatsiyasi markazi va Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga ko‘chirilmoqda.
Ko‘chirilgan madaniy boyliklarning but saqlanishi uchun ushbu muassasalar rahbariyati, binoning moddiy daxlsizligi va restavratsiya jarayonlarining qonuniyligi uchun esa PQ-5150-son qarorning 3- va 16-bandilariga muvofiq, Madaniy meros agentligi bevosita shaxsiy va yuridik javobgar.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining jamoatchilikka ma’lum qilishicha, agentlik mamlakatdagi har bir tarixiy bino va moddiy madaniy meros ob’ektini asrash, ularni hech qanday tijoriy yoki begona manfaatlar qurboniga aylantirmaslik borasida murosasiz va qat’iy pozitsiyada. Binoning Yoshlar teatriga berilishi uni muhofazadan chiqarish yoki buzib yuborish degani emas. Binoning davlat muhofazasidagi maqomi va unga qo‘yiladigan qonuniy talablar mutlaqo o‘zgarmaydi.
Agentlik mazkur binoda olib borilayotgan 4,6 milliard so‘mlik fasad ta’mirlash ishlarining har bir bosqichini, ayniqsa, ikkinchi bosqichdagi ichki zallari va Chingiz Axmarov merosi nazoratini o‘z zimmasiga oladi va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaydi.
“Biz jamoatchilik nazoratini olqishlaymiz va tarixiy binolarimizni asrab-avaylash uchun barcha huquqiy, ma’muriy va sud organlari darajasidagi choralarni ko‘rishga tayyormiz”, deyiladi agentlik munosabatida.
Bildirilishicha, agentlik sohaga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida ushbu ob’ekt ustidan monitoring nazoratini davom ettiradi.
“O‘zbekistonning hech bir tarixiy binosi va hech bir madaniy meros ob’ekti tijorat yoki boshqa yot manfaatlar qurboniga aylanmasligi kerak. Binoning Yoshlar teatriga topshirilishi uning davlat muhofazasidan chiqarilishini anglatmaydi va bundan tashqari, uni buzishga ham huquq bermaydi. Madaniy meros ob’ekti maqomi hamda uni saqlash bo‘yicha qonunda belgilangan barcha talablar o‘zgarishsiz qoladi. Biz ushbu tamoyilni izchil himoya qilamiz”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov.
Eslatib o‘tamiz, yozuvchi Shukur Jabbor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqib, ushbu muzey faoliyatini saqlab qolish va uning taqdiriga e’tibor qaratishni so‘ragani haqida xabar berilgan edi. Mazkur murojaat yuzasidan Fanlar akademiyasi rasmiy munosabat bildirib, muzeyda amalga oshirilayotgan ishlar uning faoliyatini to‘xtatishga emas, balki nodir qo‘lyozmalar, arxiv materiallari va boshqa eksponatlarni yanada xavfsiz va zamonaviy sharoitda saqlashga qaratilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, mazkur jarayonlar yangi muzey binosi foydalanishga topshirilgunga qadar vaqtinchalik chora sifatida amalga oshirilayotgani aytilgan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil 9 iyun kuni 847 ta nodir qo‘lyozma Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonalariga joylashtirilgan. Shuningdek, 1 491 ta toshbosma manba, 439 papkada foto-nusxalar, 145 papkada plyonka va negativlar hamda 1 416 512 hujjatdan iborat arxiv fondi birlamchi xatlovdan o‘tkizilgan.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr