70 ming eksponat xavf ostida, muzeyni saqlab qoling – Prezidentga murojaat
Jamiyat
−
12:31 4142 2 daqiqa
Yozuvchi Shukur Jabbor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqib, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyatini saqlab qolish va uning taqdiriga e’tibor qaratishni so‘radi. Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Murojaatda aytilishicha, muzey o‘zining amaldagi binosidan ko‘chirilmoqda hamda hozircha muzey uchun yangi bino ajratilmagan, uning ayrim eksponatlari esa vaqtincha Islom sivilizatsiyasi markazining yerto‘lasiga joylashtirilgan.
“Bu muzey 1968 yildan buyon ta’mirlanmagani mayli, eng dahshati – ayni paytda tarix sahnasida yashashi xavf ostida qolmoqda! O‘zi shu vaqtgacha ta’mirlanmagani, shart-sharoit yaratilmagani uchun 70 000 ga yaqin noyob ashyo xavf ostida qolgan edi. Endi esa bu xavf bugun yanada kuchaygan”, deydi Shukur Jabbor.
Qayd etilishicha, muzey fondida qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar, nodir nashrlar, tasviriy va amaliy san’at namunalari, shuningdek, yuzlab o‘zbek shoir va yozuvchilarining hayoti hamda ijodiga oid eksponatlar saqlanadi. Jumladan, muzey ekspozitsiyalarida Amir Temur va temuriylar davri, Alisher Navoiy ijodi, “Xamsa”ning qo‘lyozmasi, dostonlarga ishlangan miniatyuralar, shoir hayotiga oid portret va haykallar, xaritalar hamda tarixiy buyumlar namoyish etilgan. Shu bilan birga, Abdurahmon Jomiy, Hofiz, Nizomiy, Firdavsiy, Xusrav Dehlaviy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Zebunniso, Turdi, Nodira, Uvaysiy va Mahzuna kabi mumtoz adiblarga oid qo‘lyozmalar, eksponatlar hamda san’at asarlari ham muzey fondidan o‘rin olgan.
Muzeyda XX asr va mustaqillik davri o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar ham mavjud bo‘lib, ularda 200 dan ortiq o‘zbek shoir va yozuvchilarining hayoti hamda ijodini yorituvchi ko‘rgazmalar tashkil etilgan edi.
“Janob Prezident! Sizning yaqindagina 2026 yil 1 iyun kuni “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoningiz chiqdi. Unda “ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, ijodkorlarning badiiy kechasi, mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etish, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” kabi bandlarga ko‘zim tushgandi, shu sababli Adabiyot muzeyini bunday parokanda qoldirmaysiz degan umid paydo bo‘ldi. Chunki sizning Adiblar xiyobonida bajargan ishlaringizdan adabiyotga e’tiboringiz borligini bilaman”, deb yozgan u.
Murojaat yakunida Shukur Jabbor Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyini saqlab qolishga chaqirib, jamoatchilikdan ham ushbu murojaatni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.
Hozircha murojaatda keltirilgan masalalar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan rasmiy izoh berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida ham bo‘lib, nodir qo‘lyozmalarni saqlash sharoiti bilan tanishgan edi.
Live
Barchasi