Qariyb 10 mln yevrolik o‘g‘irlangan asarlar topildi

Olam

image

Italiya politsiyasi mamlakat shimolidagi muzeydan o‘g‘irlangan fransuz rassomlari Per Ogyust Renuar, Pol Sezann va Anri Matissning uchta asarini topdi. Bu haqda DW xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, asarlar joriy yilning mart oyida Parma shahri yaqinidagi xususiy muzeydan o‘g‘irlangan. Ular politsiya tomonidan gumonlanuvchilardan birining uyidan topilgan.

Parma politsiyasi boshlig‘i Andrea Palyaroning bildirishicha, jinoyat ishi bo‘yicha Moldovadan bo‘lgan to‘qqiz kishi gumonlanuvchi sifatida qaralmoqda. Ularning besh nafari o‘g‘irlikda bevosita ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.

O‘g‘irlangan asarlar orasida Renuarning “Baliqlar” nomli asari, Sezannning qalam va akvarelda chizilgan “Olcha bilan natyurmort” kartinasi hamda Matissning “Terrasadagi odaliska” akvareli bor. Ularning taxminiy bozor qiymati mos ravishda 3 million, 6 million va 20 ming yevro deb baholangan.

Asarlar Parma yaqinidagi san’atshunos va kolleksioner Luidji Manyani nomi bilan ataluvchi xususiy kolleksiyadan o‘g‘irlangan. Unda Titsian, Albrext Dyurer, Piter Paul Rubens va Fransisko Goyya kabi mashhur rassomlarning asarlari ham saqlanadi.

Muzey ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘rilar yuzlarini berkitgan holda binoga kirish eshigini buzib ochgan va uch daqiqa ichida kartinalar bilan birga hodisa joyidan qochib ketgan. Muzey ma’muriyati jinoyat oldindan rejalashtirilganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning shimoli-sharqidagi Lalique muzeyida yirik o‘g‘irlik sodir etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing