Qirg‘izistonda yoshlarni teatr va muzeylarga majburan olib borish taklif qilindi

Olam

image

Qirg‘izistonda 1,8 milliondan ortiq maktab o‘quvchisi va talabani yiliga 4 marta teatr, konsert yoki muzeyga olib borishni majburiy qilish taklif etilmoqda. Bu haqda “Time.kg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirda tegishli taklif Prezident farmoni loyihasiga kiritilgan va hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligi ushbu tashabbusni 2-3 yildan beri ilgari surib kelayotganini ma’lum qilgan.

Vazirlik yoshlarning madaniy tadbirlarga muntazam borishini yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqda. Tashabbus mualliflari bunday taklifni yoshlarning internet va kompyuter o‘yinlariga ko‘proq vaqt ajratayotgani bilan izohlagan. Ularning fikricha, yoshlarni san’at va madaniyatga ko‘proq jalb qilish kerak.

Taklifga ko‘ra, har bir maktab o‘quvchisi va talaba yiliga ikki marta teatr yoki konsertga, yana ikki marta muzeyga boradi. Ya’ni bir kishi yiliga jami to‘rtta madaniy tadbirda qatnashadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, teatr yoki filarmoniyaga bir marta borish uchun o‘rtacha 300 som sarflanadi. Ikki tashrif uchun 600 som, muzeyga ikki marta borish uchun esa 200 som ajratilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa, bir o‘quvchi yoki talaba uchun yiliga 800 som sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.

Dastur jami 1 821 633 kishini qamrab olishi rejalashtirilgan. Ularning 1 536 633 nafari umumta’lim maktablari o‘quvchilari, 187 ming nafari oliy ta’lim muassasalari talabalari va 98 ming nafari o‘rta maxsus ta’lim muassasalari talabalaridir.

1 821 633 kishining har biriga yiliga 800 somdan ajratilsa, dastur uchun umumiy xarajat qariyb 1,46 milliard somni tashkil qiladi.

Bildirilishicha, dasturni moliyalashtirish Ta’lim vazirligi hamda Fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi orqali amalga oshirilishi kutilmoqda. Tashriflar ro‘yxatlar asosida hisobga olinadi. Mablag‘larni esa teatr, filarmoniya va muzeylarning hisob raqamlariga yoki raqamli tizim orqali bevosita o‘quvchi va talabalarga o‘tkazish taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev Madaniyat vazirligiga milliy uslubdagi yangi forma dizaynini ishlab chiqishni topshirgan va mazkur milliy liboslarni barcha davlat xizmatchilari kiyishi kerakligini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing