“Open Budget”ga bolalarni jalb etgan maktab direktori ishdan olindi
Jamiyat
−
29 mart 2023
9506Avvalroq xabar berganimizdek, Toshkent viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari “Open Budget”ga ovoz yig‘ish maqsadida dars paytida pul olib kelishi uchun uyiga yuborilgan edi. Viloyat hokimligi holat o‘rganilib, maktab direktori ishdan olinganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani “Boyg‘uli” mahallasi hududida joylashgan 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilarini “Open Budget”ga ovoz yig‘ish uchun jalb qilish bo‘yicha maktab direktori topshiriq bergan.
Vaziyat mazkur maktabning 45 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi o‘qiydigan filialida sodir bo‘lgan. O‘quvchilarni kampaniyaga jalb qilgan sinf rahbarlariga intizomiy jazo berilib, maktab direktori L.U. egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
“Maktab filiali yaqinda ta’mirdan chiqarilgan bo‘lib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Maktab jamoasi o‘z tashabbusi bilan “Open Budget” kampaniyasida qo‘shimcha elektron doska, kompyuter jihozlari olish uchun ishtirok etgan. So‘ralgan mablag‘ miqdori – 300 million so‘m”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Toshkent viloyati hokimi, viloyat Ta’lim kengashi raisi Zoyir Mirzayev tegishli mutasaddilarga ushbu jihozlarga ehtiyoj haqiqatda mavjudligini o‘rganish, shundan so‘ng, mahalliy byudjet hisobidan maktabni so‘ralgan jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlar orqali ba’zi maktab o‘qituvchilariga “Open budget” loyihasida ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova izoh berib, ushbu vaziyat vazirlik tomonidan jiddiy o‘rganilayotganini ma’lum qilgan edi.
Keyinroq, 24 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 36-maktab o‘qituvchilari “Open budget”ga ovoz yig‘ishga majburlangani aks etgan video tarqalgandi. Bosh prokuratura mazkur holat Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qilgan edi.
Bundan tashqari, 25 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati “Open budget”ga ovoz berishda Face ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etish amaliyoti ko‘rib chiqilayotganini e’lon qilgandi. Keyinchalik vazir Sherzod Qudbiyev videomurojaat bilan chiqib, ushbu yangilikni rad etdi.
LiveBarchasi