Surxondaryoda 2 mln so‘m pora olgan maktab direktori 4 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida 36-maktab direktori o‘z o‘rinbosaridan 2 million so‘m pora olgani uchun 4 yilga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Ish materiallariga ko‘ra, 2026 yilning boshlarida maktabda ayrim lavozimlar qisqarishi sababli o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarini qayta taqsimlash masalasi yuzaga kelgan. Shu jarayonda ayrim xodimlarning ishda qolishi yoki qo‘shimcha dars soatlari berilishi masalasi muhokama qilingan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, direktor ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining ishini saqlab qolish yoki unga qo‘shimcha dars soatlari ajratish evaziga pul talab qilgan. U maktabning isitish tizimini yaxshilash uchun shaxsiy mablag‘ sarflayotgani va moddiy qiyin ahvolga tushganini bildirgan.

Voqealar rivoji davomida xodim direktorning talabiga ko‘ra 1 million so‘m va plastik kartasini bergani qayd etilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha olingan audio va boshqa dalillar keyinchalik tergov organlariga topshirilgan.

Shundan so‘ng direktor o‘rinbosari o‘ziga nisbatan bosim va ish bilan ta’minlash masalasi hal etilmayotganini aytib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Murojaat asosida tekshiruv o‘tkazilib, direktorning pul olgan holati tasdiqlangan. Tergov jarayonida u 2 million so‘m olganini tan olgan va pulni qaytarish bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi direktorni Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan aybdor deb topgan. Unga 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo maktab direktori Termiz tumani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing