Opa-singil Mirziyoyevalar O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatriga bordi
Jamiyat
−
06 iyun 67305 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, World Aquatics Byurosi a’zosi Shahnoza Mirziyoyeva O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatrida Vilgelm Gauf ertagi asosida sahnalashtirilgan “Xalifa Laylak” spektaklini tomosha qildi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

“Biz O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatriga borib, olam-olam zavq oldik. Vilgelm Gauf ertagi asosida sahnalashtirilgan “Xalifa Laylak” spektaklini tomosha qildik. Bu – inson irodasi va o‘zlikni anglash yo‘li haqidagi biz uchun ham qadrdon, sevimli asardir”, deya yozgan Mirziyoyeva.
Uning qo‘shimcha qilishicha, rekonstruksiyaning birinchi bosqichi yakunlanishi bilan teatr hayoti yana jonlangan.

“Bu yerda spektakllar namoyish etilyapti, bolalarning quvnoq ovozlari yangrayapti, ota-onalar farzandlari bilan jam bo‘lyapti. Ushbu maskanning tarixiy qiyofasi, o‘ziga xos ruhi avaylab saqlab qolingan: “Ertaklar shaharchasi”, zalning cho‘yan eshiklari, karnay chalgan sozandalar siymosi, noyob shisha plafonlar, peshtoq kompozitsiyalari va mozaikalar qayta tiklandi”, degan Administratsiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xorazmdan qaytgach, poytaxtdagi qator madaniy maskanlarning sharoiti bilan tanishgandi.
Administratsiya rahbari Toshkentdagi uchta teatr faoliyati bilan tanishgan, ularning binolarini ko‘zdan kechirgan.
Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, teatrlar va muzeyning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, nurab qolgan binolarni ta’mirlash va ularni jihozlash bo‘yicha moliyalashtirish masalalarini hal qilish uchun mas’ul shaxslar tayinlangan.
Live
Barchasi