Mirziyoyeva BMT vakili bilan ayollarga oiladagi zo‘ravonlik masalasini muhokama qildi
Jamiyat
−
17 mart 2023
6023O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikning oqibatlari emas, aksincha, sabablari bilan kurashish zarur. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qizi – Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha mudiri Saida Mirziyoyeva BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uchrashuvda jamiyatning eng og‘riqli masalalaridan biri – oilalardagi zo‘ravonlikni kriminallashtirish va bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan, hozirda Oliy Majlis muhokamasidagi tegishli qonun loyihasi borasida fikr almashilgan.
“Men doim gender zo‘ravonlikning sabablarini tushunishga, izlashga harakat qilaman, chunki faqatgina uning tub mohiyatini anglash, bunday hodisalar nega sodir bo‘lishini bilish orqali uning ildiziga bolta urish, bunday shafqatsizlikni bartaraf etish mumkin, deb o‘ylayman. Shu nuqtai nazardan, Dimovska xonimga oilaviy zo‘ravonlikning oqibatlari emas, aksincha sabablari bilan kurashish zarurligi borasidagi mulohazalarim bilan bo‘lishdim”, deb yozgan Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uchrashuvda, shuningdek, xotin-qizlarning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish rejalarini muhokama qilingan.
Javohir Qadamov