Mirziyoyeva Oq uyda Baydenning yordamchisi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
25 mart 2023
8829O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva Oq uyda AQSH rahbari administratsiyasining gender siyosati bo‘yicha Kengashi direktori Jennifer Klyayn va Jo Baydenning yordamchisi bilan uchrashdi. Bu haqda u Telegram'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tomonlar O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan muhim islohotlar haqida suhbatlashgan.
Suhbatning asosiy mavzularidan biri – xotin-qizlarni gender zo‘ravonlikdan himoya qilish va O‘zbekistonda unga yo‘l qo‘ymaslik uchun amalga oshirilayotgan ishlar bo‘lgan.
“Umuman, muloqotimiz ochiq va samimiy bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar faqat qog‘ozda qolmasligi uchun zarur chora-tadbirlarni atroflicha muhokama qildik. Jennifer Klyayn bu borada amaliy yordam berishni taklif qildi. Shuni inobatga olgan holda, kelgusida aloqalarimizni yanada mustahkamlash va kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, deb o‘ylayman”, deydi Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda o‘zbek diasporasi vakillari bilan uchrashgandi.
Bundan tashqari, joriy yilning 23 mart kuni Mirziyoyeva BMTning bosh qarorgohida Suv masalalariga bag‘ishlangan konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida nutq so‘zlagan edi.
LiveBarchasi