Bog‘chada kim ilon bilan tomosha ko‘rsatgani aniqlandi
3-sahifa
−
20 yanvar
10214Avvalroq, maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga O‘rta Osiyo kobralari bilan tomosha uyushtirilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat Toshkent viloyati Piskent tumanida sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat joriy yilning 16 yanvar kuni Toshkent viloyati Piskent tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida kuzatilgan. Videoda maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga hozirda noyob, Qizil kitobga kiritilgan O‘rta Osiyo kobralari bilan tomosha uyushtirilgani va bunda bog‘cha ma’muriyati tomonidan bolalarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsizlik choralari ta’minlanmagani aks etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, tomosha Olmaliq shahar “Kumush diyor” xususiy korxonasi tasarrufidagi “Toshkent” havaskorlik sirk jamoasi xodimi H.A. tomonidan uyushtirilgan. Mazkur shaxs o‘quv yili avvalida tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga ta’lim tizimidagi muassasalarga sirk tomoshalarini namoyish qilish bo‘yicha xat va dastur bilan murojaat qilgan. Mas’ullar tomonidan ushbu tomoshalarga ruxsat berilgan. Namoyishlar dasturida hayvonlar bilan sahna ko‘rinishlari ko‘rsatilmagan. H.A. 16 yanvar kuni tumandagi 7-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan jonzotlar bilan o‘yin ko‘rsatgan.
Bildirilishicha, Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borilgan. Ishchi guruh xulosasi bilan holatga bevosita mas’ul bo‘lgan, e’tiborsizlik qilgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rilgan. Shu bilan birga, holat yuzasidan Piskent tumani IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.
LiveBarchasi