900 ga yaqin ilon fermadan qochib ketdi

Olam

image

Xitoy janubidagi Guansi provinsiyasida kuchli suv toshqinlari oqibatida fermadan 900 ga yaqin ilon qochib ketdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Hanchjou ma’muriyati suv ostida qolgan bir nechta qishloqlarda ilonlar paydo bo‘lganini tasdiqlagan.

Ma’lum qilinishicha, “Maysak” tayfuni sabab yuzaga kelgan kuchli yog‘ingarchilik Hengchjou shahridagi Liulan suv ombori to‘g‘onining yorilishiga olib kelgan. Oqibatda hududni suv bosib, mahalliy ilonlar fermasi vayron bo‘lgan.

Dengvey qishlog‘i qo‘mitasi raisi U Chjining so‘zlariga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblarga binoan, suv toshqini ortidan fermadan 800–900 ta ilon qochib ketgan. Fermada asosan zaharli kobralar, qirol kalamush ilonlari va suv ilonlari boqilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ilonlarning suv bosgan uylar va ko‘chalar atrofida suzib yurgani aks etgan. Ayrim nashrlarning yozishicha, Yunbyao qishlog‘ida yashovchi bir ayol ilon chaqishi oqibatida vafot etgan. Mahalliy shifoxona esa zaharga qarshi zardob zaxirasini oshirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, suv toshqini sabab uylarida qolib ketgan ayrim fuqarolarni zaharli ilon chaqqan, biroq ular o‘z vaqtida tibbiy yordam ololmagan.

Mahalliy mutaxassislar eng katta xavf kobralardan ekanini bildirgan. Shu bilan birga, ular suv ostida uzoq qolgan ilonlarning aksariyati nobud bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Guansi provinsiyasida joylashgan Liulan suv omborining yorilishi oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘lgani va 130 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing