Samolyot polining ostidan ilon topilib, parvoz bekor qilindi
Olam
−
10:13 1543 1 daqiqa
Yaponiyada samolyot salonidan 40 santimetr uzunlikdagi zaharsiz ilon topilishi sababli parvoz bekor qilindi. Bu haqda “The Independent” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 19 oktyabr kuni Japan Airlines aviakompaniyalar guruhiga kiruvchi Japan Air Commuter samolyoti Simane prefekturasidagi Idzumo aeroportidan Fukuokaga borgan. U mahalliy vaqt bilan soat 12:50 da Kagosima prefekturasiga uchishi kerak bo‘lgan.
Biroq samolyot parvozga tayyorlanayotgan vaqtda mexanik uning pol qoplamasi ostidan ilonni topgan. Shu sababli reys bekor qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ilon zaharsiz bo‘lgan. Uni tutish uchun yovvoyi hayvonlarni nazorat qilish bo‘yicha mutaxassis chaqirilgan va sudralib yuruvchi taxminan 24 soatdan keyin ushlangan.
Aviakompaniya ilon samolyotga tashqaridan kirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Biroq uning bortga qanday kirib qolgani hozircha aniqlanmagan.
“Biz aniqlashimizcha, samolyot saloniga ilon kirib qolishi bilan bog‘liq bunday holat ilgari kuzatilmagan”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Aviakompaniya yo‘lovchilardan yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘ragan.
Bildirilishicha, bu Japan Air Commuter aviakompaniyasida qayd etilgan ilk shunday hodisa hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tokiodagi Xaneda aeroportida Meksikadan Janubiy Koreya orqali kelgan 23 yoshli erkakning yukidan 200 ga yaqin kaltakesak topilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi