Oliy sud pedofil amaldorlar nega manzil-koloniyaga jo‘natilganini izohladi

3-sahifa

Avvalroq, Xorazmda mehribonlik uyi qizlari bilan jinsiy aloqa qilgan sobiq mansabdorlar jazoni o‘tash uchun qattiq tartibli qamoqxonaga emas, balki manzil-koloniyaga yuborilgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Bugun, 20 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikromjon Muslimov e’tirozlarga sabab bo‘layotgan mazkur holatni izohladi. 

Uning aytishicha, holat ochiqlanganidan so‘ng, ishni yangidan apellyatsiyaga yuborib, jinoyatchilarning harakatida zo‘rlik ishlatib nomusga tegish alomatlari bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish masalasi qo‘yilgan. 

“Bu masala qo‘yilgandan keyin xolislikni ta’minlash maqsadida ishni Toshkent shahar sudiga olib berdik, Toshkent shahar sudi 416-, 417- moddalar tartibida shu harakatda zo‘rlik alomatlari bor yoki yo‘qligini tekshirish masalasini qo‘ydi. Prokuratura organlari ularning harakatida bu alomatlar yo‘q, deganidan keyin sudlarimiz e’lon qilingan ayb doirasida jazo tayinlashga majbur bo‘ldi. Alohida ta’kidlamoqchimanki, e’lon qilingan ayblov doirasida maksimal jazo tayinlandi. Qonunda nazarda tutilgan 3 yillik jazoni berdik”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari.

Shuningdek, Muslimov jinoyatchilar jazoni nega manzil-kaloniyada o‘tayotganini ham tushuntirdi.  

“Jazoni o‘tash tartibiga keladigan bo‘lsak, bu sudyaning qo‘lidagi masala emas. Bu qonunda qat’iy belgilab qo‘yilgan holat. Jinoyat to‘rtga bo‘linadi: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga. Qonunda birinchi marta ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir qilgan shaxsga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansa, uni manzil-koloniyasida o‘tashi qat’iy belgilangan. Uni sud men xohladim qattiq tartibda, men xohladim umumiy tartibda, deb belgilab berolmaydi. Shu sababli, qonun talabidan kelib chiqqan holda yuqorida qayd qilingan shaxslarga jazoni manzil koloniyasida o‘tash belgilangan”, deydi Muslimov.

Oliy sud raisi o‘rinbosarining aniqlik kiritishicha, jinoyatchilar hozirda Samarqand viloyatidagi 37- va 38- manzil-koloniyalarida jazo o‘tamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar sudlari ham mazkur jinoyatchilar Jinoyat kodeksining 50-moddasiga muvofiq, jazoni manzil-koloniyalarda o‘tayotganini ma’lum qilgandi. Jinoyatchilarga nisbatan Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 3 noyabrdagi hukmiga muvofiq, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy sud pedofil amaldorlar Ikromjon Muslimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing