Denovda uyi buzdirilgan fuqaro avval bir necha bor ogohlantirilgan – Oliy sud (video)

Jamiyat

image

Kuni kecha Surxondaryo viloyatining Denov tumanida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonining bir qismi o‘zboshimchalik bilan egallanib, u yerda qurilgan uy-joy va boshqa noqonuniy qurilmalar buzdirilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng, kecha, 9 fevral kuni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov uy egalari bilan uchrashib, suhbat o‘tkazgandi

Bugun, 10 avgust kuni esa mazkur yer aslida boshqa bir tadbirkorga tegishli ekani, yerni bo‘shatish uchun joydan foydalanuvchilarga qariyb 2 yil vaqt berilgani va bu orada sud ularga qonun buzilishi yuzasidan chora ko‘rgani hamda taftish instansiyasi “insonparvarlik” nuqtai nazaridan sud qarori ijrosini to‘xtatib bergani ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy sud raisining matbuot kotibi Aziz Obidov holat yuzasidan e’lon qilingan rasmiy bayonotida so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, fuqarolar Abdusalom Ahmadov va Nasiba Choriyeva Denov tumani G‘alaba massivi “Chuqurqishloq” mahallasida joylashgan “Rahmon Taraqqiyot Omad” chorvachilik-bug‘doychilik korxonasiga tegishli sug‘oriladigan ekin yer maydonidan o‘zboshimchalik bilan uy-joy va yordamchi binolarni qurgan. Sudning qarori bilan esa o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonida qurilgan uy-joy va yordamchi binolarni javobgarlar tomonidan yoki ularning hisobidan majburiy tartibda buzdirish va yer maydonini asl holatiga keltirish belgilangan. 

“Nima uchun aynan shunday qaror chiqarilgan? Chunki sug‘oriladigan yer davlat mulki bo‘lib, shaxsiy mulk bo‘la olmaydi”, deydi Obidov bayonotida.

Xususan, Yer kodeksiga va tegishli qonunchilikka, jumladan 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari fuqarolarning xususiy mulkiga o‘tkazilishi mumkin emasligi ta’kidlangan. 

“Sug‘oriladigan yer mamlakat oziq-ovqat xavfsizligining asosi. Qishloq xo‘jaligi yerining yo‘qolishi, demak, kelajakda xalqimizni oziq-ovqat bilan ta’minlash manbaining yo‘qolishi degani”, deb aytgan Oliy sud matbuot kotibi.

Aziz Obidovning so‘zlariga ko‘ra, qonun bunday yerni faqat bugungi ehtiyoj uchun emas, kelajak avlodlar manfaatini ham ko‘zlab qattiq himoya qiladi. Sud buni ham asos sifatida ko‘rsatgan. 

Bildirilishicha, javobgarlar bu yerni noqonuniy egallab, qurish jarayonida mas’ul organlar, kadastr, mahalla, yer tuzish xizmati tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilgan. 

“Odamlar bila turib, ogohlantirishga qaramay qurilishni davom ettirgan. Sud birdaniga buzdirish degan qarorga kelmaydi. Avvalo, huquqbuzarlikni bartaraf etishning boshqa yo‘llari qo‘llaniladi. Faqat boshqa barcha yo‘llar natija bermaganda, yer toifasi mutlaqo o‘zgartirib bo‘lmaydigan sug‘oriladigan yer ekanligi isbotlanganda, sud oxirgi chora sifatida buzib tashlash kabi qat’iy choraga murojaat qiladi”, deydi Aziz Obidov.

Shuningdek, uning aytishicha, mazkur yer rasman “Rahmon Taraqqiyot Omad” korxonasiga tegishli bo‘lgan. 

“Javobgarlar yerni egallab olish bilan faqat davlat manfaatini emas, balki shu yerdan qonuniy foydalanish huquqiga ega bo‘lgan korxonaning ham huquqini poymol qilgan”, deyiladi rasmiy bayonotda. 

Shu bilan birga, Nasiba Choriyeva sug‘oriladigan yer uchastkasini noqonuniy egallab olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. 

Obidovning ta’kidlashicha, sudning qarori kuchga kirgan bo‘lsa-da, 2026 yil 13 martda taftish instansiyasi insonparvarlik nuqtai nazaridan sud qarori ijrosini to‘xtatib bergan. Arizachiga esa qonun buzilishi oqibatini ixtiyoriy bartaraf qilish uchun davlat tomonidan salkam 2 yilga yaqin imkoniyat berilgan. 

“O‘rni kelganda, barcha fuqarolarga eslatib o‘tishni joiz deb topdik: Sug‘oriladigan yer maydonlarini noqonuniy egallab, binolar qurishning huquqiy oqibatlari mavjud. Chunki qonun hamma uchun barobar va bunday yer maydonlari qonun tomonidan alohida muhofaza qilinadi”, degan Oliy sud matbuot kotibi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing