Surxondaryoda fuqaroning uyi ogohlantirishsiz buzib tashlandimi?

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonining bir qismi o‘zboshimchalik bilan egallanib, u yerda qurilgan uy-joy va boshqa noqonuniy qurilmalar buzdirildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining Surxondaryo viloyati boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 8 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Majburiy ijro byurosi xodimlari fuqaroning uy-joyini ogohlantirishsiz buzmoqchi bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan. Mazkur holat boshqarma tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganishlar davomida ushbu holat Denov tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2025 yil 29 dekabrdagi ijro hujjati asosida amalga oshirilgani aniqlangan.

Sud hujjatiga ko‘ra, Denov tumani G‘alaba massivi, “Chuqurqishloq” mahallasidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonining 0,20 gektar qismi o‘zboshimchalik bilan egallangan. Ushbu hududda qurilgan uy-joy va boshqa noqonuniy qurilmalarni buzish hamda yer maydonini asl holatiga keltirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati 2026 yil 24 yanvar kuni Majburiy ijro byurosining Denov tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Qarzdorlar ijro hujjati talablarini bajarishi zarurligi haqida tegishli tartibda ogohlantirilgan.

Shuningdek, sud ajrimiga asosan ijro harakatlari muayyan muddatga to‘xtatib turilgan. Keyinchalik sud ko‘rsatmasiga muvofiq ushbu to‘xtatish bekor qilinib, ijro harakatlari davom ettirilgan.

Qarzdorlar sud hujjati talablarini ixtiyoriy ravishda bajarmagani sababli joriy yilning 7 avgust kuni majburiy ijro harakatlari belgilangan. Bu haqda tegishli tashkilotlar ham xabardor qilingan.

Oqibatda ijro hujjatida ko‘rsatilgan noqonuniy qurilmalar belgilangan tartibda buzilib, sud hujjati ijrosi to‘liq ta’minlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmasdan turib uy o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangani aniqlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing