Oliy Majlis deputati O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olishni taklif qilgan amaldorga javob qaytardi
Jamiyat
−
21 dekabr 2023
39163Avvalroq, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani xabar qilingandi. O‘zbekistonda Prilepinning mazkur bayonoti norozilik bilan qabul qilindi. Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov ushbu vaziyatda “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini esladi.
“Biz bilan do‘stlik rishtalarini bog‘lab, har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik qilib kelayotgan Rossiya Federatsiyasidagi siyosiy partiya – “Spravedlivaya Rossiya – Patrioti – Za pravdu”ning hamraisi Zaxar Prilepinning urushni targ‘ib qilishga qaratilgan chiqishi qalbimizni larzaga soldi. Kaykovusning Qobusnoma asarida “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandin yomonroqdir”, degan naql bor. Bu “do‘st” dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida notinchlik yuz berayotgan, qonli mojarolar avj olayotgan, buning natijasida tinch aholi jabr ko‘rayotgan, uy-joyidan, mol-mulkidan ayrilib boshpanasiz, himoyasiz qolayotgan ayni zamonda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlikka rahna solish niyatini bildirdi”, deydi deputat.
Qudratov O‘zbekiston mustaqil, suveren davlat ekanini, uni bosib olishga, unda o‘z hukmini o‘tkazishga, xorijiy til o‘rgatishga hech kimning haqqi yo‘q ekanini ta’kidladi.
“Bunday surbetlik bilan e’lon qilingan fikrlar na xalqaro huquqqa, na sog‘lom aqlga to‘g‘ri keladi. Aksincha, urushni targ‘ib qilish – bu jinoyatdir”, deya qo‘shimcha qilgan Qudratov.
“Shuni g‘urur bilan aytamizki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik hukm surayotgani, bunyodkorlik ishlari izchillik bilan davom etayotgani, iqtisodimiz yuksalayotgani, sportchilarimiz zabt etayotgan shohsupalar, erishayotgan yutuqlarimizning barcha-barchasi mamlakatimiz qudratidan dalolatdir. Bizning ulug‘ xalqimiz muqaddas huquqimiz – mustaqilligimizni hech kimga, hech qachon berib qo‘ymaydi! Mustaqilligimizni, suverenitetimizni, davlat chegaralarimiz daxlsizligini himoya qilishga kuch-qudratimiz ham, jur’atimiz ham yetarli”, deb xulosa qilgan deputat Qudratov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Moskvaga borib, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘ragandi.
Shundan so‘ng, Rossiyalik deputat Mixail Delyagin mazkur tashabbus mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib, O‘zbekiston Rossiyadan fuqarolarini olib ketishi kerakligini iddao qilgandi. Bunga javoban deputatning O‘zbekistondagi mavqedoshlari, jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat “Delyagincha” bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerakligini aytgan, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa o‘zbekistonliklar halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlayotganini, Rossiya ularni tekinga boqmayotganini eslatgan edi.
Keyinchalik Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy sobiq Sovet ittifoqiga kirgan davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda Rossiyada ishlayotgan migrantlar hisobidan rus tilida o‘qitiladigan maktablar qurishni taklif qilgandi. Bunga Alisher Qodirov o‘z munosabatini bildirib, shunday degandi:
“Biz o‘zbek tilini bilmaydigan xizmatchilarni ishdan haydashni taklif qilishimiz kerak(mi?) Biz boshqa yo‘ldan boramiz – ularga o‘zbek tilini o‘rgatamiz. Siz esa o‘zingiz ishlashni o‘rganing. Bu rus tiliga qachonlardir haqiqiy hurmat paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin”.
LiveBarchasi