Olimlar Yersimon ekzosayyorada atmosfera borligini aniqladi
Bu qiziq
−
17 iyul 3666 4 daqiqa
Quyosh tizimidan tashqarida hayot izlash bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar yana bir muhim natija berdi. Olimlar Yerga o‘xshash, bizdan 49 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan va yuzasida suyuq suv mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan sayyorada atmosfera borligini ilk bor tasdiqladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Bungacha atmosferalar asosan gaz gigantlari va “sub-Neptun” turidagi ekzosayyoralarda aniqlangan edi. Shuningdek, yashash uchun qulay hududdan tashqarida joylashgan ba’zi toshsimon ekzosayyoralarda ham atmosfera mavjudligiga ishora qiluvchi belgilar topilgan. Biroq yangi kashfiyot bu jihatdan alohida ahamiyatga ega.
“Bu Quyosh tizimimizdan tashqaridagi yashash uchun qulay hududda joylashgan toshsimon sayyorada atmosfera mavjudligi kuzatuvlar orqali ilk bor tasdiqlangan holatdir”, degan tadqiqotning birinchi muallifi, yaqin vaqtgacha Garvard universitetida faoliyat yuritgan doktor Kollin Cherubim.
Uning ta’kidlashicha, bu shuningdek, yashash uchun qulay hududda bo‘ladimi yoki yo‘qmi, har qanday toshsimon ekzosayyorada atmosfera tarkibidagi moddaning ilk bevosita aniqlanishi hisoblanadi.
“Bu juda hayajonli kashfiyot. Menimcha, u LHS 1140b sayyorasini Quyosh tizimimizdan tashqarida astrobiologiya va yashashga yaroqli muhitni o‘rganish uchun eng istiqbolli va qiziqarli laboratoriyaga aylantirdi”, degan u.
Qayd etilishicha, LHS 1140b sayyorasining massasi Yernikidan 5,6 barobar katta, radiusi esa taxminan 70 foizga keng. Cherubimning aytishicha, u umumiy tarkibi va harorati jihatidan Yerga o‘xshasa-da, bir qator muhim farqlarga ham ega. Masalan, sayyora o‘z yulduziga doimo bir tomoni bilan qarab turadi, unda suv miqdori ancha ko‘p bo‘lishi va atmosferasi ham Yernikidan sezilarli darajada farq qilishi mumkin .
2017 yilda kashf etilgan ushbu sayyora Yerga nisbatan yaqin hisoblanadi. U Kit yulduz turkumida joylashgan kichik qizil mitti yulduz atrofida aylanadi. Bu yulduz Quyoshdan kichikroq va xiraroq bo‘lsa-da, energiyasining kattaroq qismini ionlashtiruvchi nurlanish ko‘rinishida chiqaradi.
Cherubimning so‘zlariga ko‘ra, yangi tadqiqot natijalari LHS 1140b yashash uchun zarur bo‘lgan barcha asosiy omillarga ega ekanini ko‘rsatdi: u nisbatan toshsimon sayyora, harorati suyuq suv mavjud bo‘lishiga imkon beradi, atmosfera esa suvning kosmosga chiqib ketishining oldini oladi hamda yuzani zararli nurlanishdan himoya qiladi. Shu bilan birga, uning yulduzi ham nisbatan tinch bo‘lib, kuchli chaqnashlar kam kuzatiladi.
“Shuning uchun ham bu yerda hayot belgilari bo‘lishi mumkinligini o‘rganishni davom ettirish juda qiziq”, degan olim.
Tadqiqotchilar shu yulduz atrofida aylanuvchi yana bir toshsimon sayyora – LHS 1140c da esa atmosfera aniqlanmaganini ma’lum qilgan.
“Science” jurnalida chop etilgan maqolaga ko‘ra, olimlar LHS 1140b o‘z yulduzi oldidan o‘tayotgan paytda Chilidagi Las-Kampanas observatoriyasida joylashgan Magellan Clay teleskopiga o‘rnatilgan infraqizil spektrograf yordamida kuzatuvlar o‘tkazgan. 2024 yilda to‘plangan ma’lumotlar sayyoradan kosmosga chiqib ketayotgan geliy gazini qayd etgan.
Cherubimning aytishicha, jamoa Yer atmosferasidan kelib chiqqan ifloslanish kabi barcha ehtimoliy izohlarni ham istisno qilishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq 2025 yilda o‘tkazilgan kuzatuvlarda geliy aniqlanmagan. Olim buni kutilmagan holat deb atab, o‘zi va boshqa tadqiqotchilar ilk natijalarni qayta tahlil qilganini aytgan.
“Biz o‘ylab ko‘rgan barcha soxta ijobiy ehtimollarni ishonch bilan rad etdik”, degan Cherubim.
Oksford universiteti astrofizika professori Jeyn Birkbining fikricha, bu juda muhim kashfiyotdir. Uning ta’kidlashicha, qizil mitti yulduzlar eng keng tarqalgan yulduzlar bo‘lib, ular atrofidagi yashash uchun qulay hududda joylashgan toshsimon sayyoralar hayot izlash uchun eng yaxshi imkoniyatni taqdim etadi. Biroq bunday yulduzlar ko‘pincha juda faol bo‘lib, ular sayyoralar atmosferasini yo‘q qilib yuborishi mumkin.
“Shu bois LHS 1140b atrofida atmosfera mavjudligi aniqlangani qizil mitti yulduz atrofida yashash qanday bo‘lishini tushunishda muhim qadamdir”, degan u.
U, shuningdek, atmosfera signali vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turishi ham qiziq ekanini qayd etgan.
“Bu ekzosayyora atmosferasi yulduzining kuchli ultrabinafsha nurlanishiga qanday javob berishini ko‘rsatadi va hatto bu omil sayyora yuzasidagi sharoitga qanday ta’sir qilishini ham tushunishga yordam berishi mumkin. Bu esa tabiiy ravishda “bu yerda hayot rivojlanishi mumkinmi va agar mumkin bo‘lsa, u qanday himoya mexanizmlarini shakllantirgan bo‘lar edi?” degan savolni tug‘diradi”, degan Birkbi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA’ning “Perseverance” marsoxodi taxminan 3,7 milliard yil avval mavjud bo‘lgan qadimgi ko‘l hududi – Yezero krateridagi jinslarda makromolekulyar uglerodni aniqlagan edi.
Live
Barchasi