Ol tavog‘im, ber tavog‘im. Xitoy unga berilgan yordamlarni qaytarmoqchi
Olam
−
18 mart 2020
15977Xitoy boshqa mamlakatlarga turli yo‘llar bilan COVID-19 pandemiyasi bilan kurashishda yordam berishga tayyor. Rasmiy Pekin eng og‘ir davrda boshqa davlatlarning unga bergan yordamni hech qachon unutmaydi. Bu haqda bugun, 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Geng Shuang ta’kidlab o‘tdi.
"Xitoy o‘z hududida koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashmoqda va shu bilan birga COVID-19 ga qarshi xalqaro harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Biz tegishli davlatlar va xalqaro tashkilotlarga yordam ko‘rsatdik, bu bizning mas’uliyatli munosabatimizni namoyish etadi", dedi diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy allaqachon tibbiy buyumlar ko‘rinishidagi yordamni bir necha davlatlarga, shu jumladan Eron, Pokiston, Laos, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya va Afrika Ittifoqi mamlakatlariga yetkazib bergan. Xitoy, bundan tashqari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga 20 million dollar xayriya qilgan.
Shuningdek, u o‘z imkoniyatlari doirasida Italiya, Fransiya, Gretsiya, Ispaniya, Serbiya, Kambodja, Filippin, Misr, Iroq, JAR, Qozog‘iston, Efiopiya va boshqa mamlakatlarda yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishda yordam berishini aytdi.
Xitoy hukumati do‘stona munosabatda bo‘lgan davlatlarga o‘z bozorida tibbiy buyumlarni sotib olishda yordam berishini va’da qildi.
"Xitoy o‘z tibbiy ekspertlarini Eron, Iroq, Italiyaga yubordi. Bizning mutaxassislarimiz videokonferensiyalar orqali bir qator davlatlar va JSST bilan o‘zaro tajriba almashadilar. Biz hech qachon yordamlarni unutmaymiz. O‘sha damlarda 79 davlat va 10 ta xalqaro tashkilot bizga yordam ko‘rsatgan", dedi Geng Shuang.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy pandemiyaga qarshi kurashda boshqa davlatlar bilan ishlashga tayyor.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 199 409 nafarga yetgan. Bu kasallik tufayli 7 997 kishi vafot etgan. Bemorlardan 6 418 nafari yoki 6 foizining ahvoli og‘ir. Shu kungacha kasallikni yuqtirganlarning 82 812 nafari bu virusdan forig‘ bo‘lgan.
LiveBarchasi