AQSH koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga shaxsiy himoya vositalarini topshirdi
Jamiyat
−
18 mart 2020
11738AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonga COVID-19 koronavirusiga qarshi kurashish uchun tibbiy vositalarni taqdim etdi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
USAID taqdim etgan shaxsiy himoya vositalari tarkibiga 10 000 ta qo‘lqop, 10 200 ta niqob, 1400 ta maxsus xalat va 200 ta ko‘zoynak kiradi. Ular butun O‘zbekiston bo‘ylab viloyat markazlari va shaharlarda tarqatiladi.
“Yangi koronavirus kasalligi faqatgina hukumatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik orqali bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan, global sog‘liqni saqlashga tahdid solayotgan kasallikdir. AQSH hukumati ushbu global epidemiyaga tayyorgarlik va javob choralarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistondagi tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deydi elchi Rozenblyum.
O‘zbekiston nomidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov minnatdorlik bildirgan.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati nomidan koronavirus infeksiyasiga qarshi tayyorgarlik va javob choralarini ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasiga ko‘rsatgan yordami uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Biz vatandoshlar salomatligi va farovonligini oshirish borasidagi yaqin hamkorligimizni yuksak qadrlaymiz”, – dedi bosh sanitar vrach va agentlik direktori Bahrom Almatov.
Shaxsiy himoya vositalari O‘zbekistonda tibbiyot xodimlariga mamlakatda COVID-19 bilan zararlangan bemorlarni davolash uchun tez va xavfsiz chora ko‘rishga imkon beradi. Ular infeksiya xavfini kamaytirishda ilg‘or sog‘liqni saqlash xodimlari uchun muhim ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda O‘zbekistonda ushbu virus bilan og‘riganlar 13 kishini tashkil etmoqda. Mamlakatda 2100 kishi karantinga olingan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.