O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksina olganlar hayoti xavf ostidami?
Jamiyat
−
11:34 5884 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi vaksina olgan insonlar hayoti xavf ostida ekani, xususan, ular saratonga chalinishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov munosabat bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya boshlangandan to hozirgacha dunyo bo‘yicha 710 million kishi bu kasallikka chalingan, 7 milliondan ko‘prog‘i hayotdan ko‘z yumgan. Agar vaksina topilmagan va emlash tadbirlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmaganda, bu raqamlar bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin edi. Buni vaksina kashf etilgunga qadar o‘tgan bir yil davomida o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgani ham yaqqol tasdiqlagan.
“Mutaxassis sifatida shuni aytmoqchimanki, qo‘llanilgan vaksinalar genomga salbiy ta’sir qilmaydi, bu o‘z isbotini topgan. To‘g‘ri, vaksinani qabul qilgan ayrim odamlarda turli salbiy holatlar, masalan, nafas olish qiyinlashuvi, tana harorati oshishi va yurakning tez urishi kabi belgilar kuzatilgan. Ammo bu vaqtinchalik bo‘lib, emlangandan so‘ng 2-3 kun o‘tgach, barchasi ortda qolgan”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, tarmoqlarda tarqalgan materialda onkologik kasalliklar xavfi ham vaksinaga bog‘liqligi va emlashdan keyin tanada paydo bo‘lgan salbiy holat (qabul qilingan vaksina)dan qutulish uchun esa karabash va arslonpanjasi giyohlaridan foydalanish tavsiya etilgan va bu har bir mutaxassisni taajjubga soladi.
“Bu sohadan umuman yiroq bo‘lgan odamning fikridan boshqa narsa emas. Karabash shamollash, nafas yo‘llari yallig‘lanishida, arslonpanjasi esa ayollarda gormonal holatni mo‘’tadil ushlab turish maqsadida qaynatma sifatida ishlatib kelingan. Shundan kelib chiqilsa, ushbu ikki giyoh vaksinadan keyin paydo bo‘lgan immunitetga ta’sir ko‘rsatish va yo‘q qilish xususiyatiga ega emas”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida karantin joriy etilishi mumkinligi haqida xabarlar yolg‘on ekani aytilgandi.
Live
Barchasi